Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-noyabrdagi “Iqtisodiyot tarmoqlarida birja mexanizmlaridan foydalanishni kengaytirish hamda birja savdolarini tartibga solish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi PQ–430-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 30-noyabrdagi “Tovar-xom ashyo birjalarining faoliyatini tartibga solish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 687-son qarori qabul qilindi.
Ushbu qarorlarga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasiga tovar-xom ashyo birjalarida narxlar manipulyatsiyasini cheklash va oldini olishga qaratilgan bir qator vakolatlar berildi.
Qabul qilingan Hukumat qaroriga koʻra, birja savdolarida strategik mahsulotlarning narxlarini manipulyatsiyasi, ichki (insayderlik) maʼlumotlardan foydalanish va asossiz daromad olishning boshqa raqobatga zid usullaridan foydalanishni oldini olish qoidalari, xususan:
– birja savdolarida narxlar manipulyatsiyasining oldini olish choralari va ularni aniqlash tartiblari;
– birja ishtirokchilari tomonidan narxlar manipulyatsiyasiga yoʻl qoʻymaslik boʻyicha taʼqiqlanadigan harakatlar;
– ichki (insayderlik) maʼlumotlarning hisobini yuritish va ulardan foydalanish boʻyicha cheklov va javobgarliklar belgilangan.
Ayniqsa, ushbu qarorning qabul qilinishi hozirgi vaqtda dolzarb boʻlgan benzin mahsuloti narxlarining manipulyatsiya qilinishi natijasida oshib ketishini va savdo ishtirokchilarining asossiz daromadga ega boʻlishini oldini olishda juda muhim ahamiyatga ega.