Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-sentabr kuni Samarqand shahridagi Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Qabr poyiga gul qo‘yib, Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltirdi.
Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, davlat boshqaruvini yangidan qurgan, tariximizning murakkab va og‘ir davrlarida barqarorlikni saqlab, xalqimiz manfaatlarini ta’minlagan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev uning bu xizmatlarini munosib qadrladi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-yanvardagi qaroriga muvofiq, Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ko‘p ishlar qilindi. Yurtimizdagi yirik majmualar, shaharlardagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil qilindi, Samarqandda maqbara barpo etildi.
Fidoyilarini e’zozlaydigan xalqimiz Birinchi Prezidentimizni hurmat bilan yodga oladi. Ushbu xotirlash marosimi ham o‘tganlar yodiga hurmat, yosh avlodga ibrat maktabidir.
Marosimda parlament va hukumat a’zolari, jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari ishtirok etdi.
Tadbir yakunlangach, davlatimiz rahbari Toshkentga qaytib keldi.