Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar uchun yilning hamma faslida issiqlik manbaiga ehtiyoj bo‘ladi. Ammo ba’zi uylar, xonadonlar issiqlik suvi bilan yetarli ta’minlanmasligi oqibatda ayniqsa qish mavsumlarida isitish tizimlari umuman ishlamaydi, ro‘zg‘orda foydalanishda esa issiq suv o‘rniga sovuq suv keladi. Ammo bu holatlar inobatga olinmay xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan aholiga asossiz qarzdorliklar qo‘yiladi
Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro O.X xonadoniga asossiz qarzdorlik hisoblanganligi yuzasidan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qiladi. Mazkur murojaatga asosan hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan vakolat doirasida o‘rganish ishlari amalga oshirildi.
Birgina murojaatni o‘‘rganish jarayonida Farg‘ona viloyati “Issiqlik ta’minoti” IChDB tomonidan 1780 ta xonadonlarga issiqlik energiyasi yetkazib berilmaganligi aniqlandi.
Xususan, 2016 yildan shu kunga qadar markaziy tarmoqlarda va isitish qozonxonalarida avariya holatlari (ta’minotdan uzilish) hamda tabiiy gaz bosimi pastligi tufayli iste’molchilarga belgilangan me’yorda va sifat darajasida issiqlik manbai yetkazib berilmagan.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan aholiga to‘liq yetkazib berilmagan issiqlik energiyasi uchun hisoblangan 798,4 mln so‘m mablag‘ asossiz deb topildi va iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Ushbu debitor qarzdorlik yuzasidan mas’ul xodimlar xududlarga biriktirilib, ko‘p qavatli uylar kesimida birma-bir o‘rganib chiqildi hamda MFY va xizmat ko‘rsatuvchi shirkatlar ishtirokida dalolatnomalar rasmiylashtirildi.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasida sotuvchi (ijrochi) iste’molchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas ekanligi belgilab berilgan.
Hozirgi kunda aholi iste’molchilari xonadonlariga yetkazib berilmagan issiqlik energiyasi uchun issiqlik ta’minoti korxonasi tomonidan amalga oshirilgan hisob-kitoblar bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.