So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalari orqali biologik faol qo‘shimchalar (BFQ), oziq-ovqat qo‘shimchalari va turli ozdiruvchi yoki semirtiruvchi preparatlarning reklama materiallari ortib bormoqda.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida Raqobat qo‘mitasi tomonidan ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi reklama materiallarining qonun xujjatlariga muvofiqligini muntazam monitoring qilinmoqda.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida jami 2205 ta o‘rganish o‘tkazilgan. Shundan, 328 ta reklama qonunchiligiga nomuvofiqlik holatlari aniqlanib, tegishli ko‘rsatmalar natijasida ixtiyoriy bartaraf etilgan.
Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini ixtiyoriy bartaraf etmagan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Jumladan,
Andijon viloyatida faoliyat yurituvchi “Taraqqiyot TV” telekanali orqali “Qomus kapsulalari” biologik faol qo‘shimchasi reklamasi chalg‘ituvchi va bo‘rttiruvchi iboralar bilan berilganligi kuzatilgan. “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 16, 34 va 35-moddalari talablari buzilishi alomatlari yuzasidan hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Taraqqiyot TV” teleradiokompaniyasiga nisbatan ish qo‘zg‘atilib bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berilgan va mahsulotining reklamasi efirdan olib tashlangan.
Toshkent shahrida “Jit Zdorovo” gazetasida chop etilgan “Neofleks” BFQ reklamasi tekshiruvdan o‘tkazilganda qonunbuzarlik holatlari aniqlandi. Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “PAKSTAMPA” MChJga nisbatan jarima belgilandi va mas’ullarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.
Namangan viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan “Mahalla” telekanali orqali “Fito-Plyus” hamda “Gemorroid” mahsulotlari reklamasi bo‘rttiruvchi va chalg‘ituvchi iboralar asosida efirga uzatilganligi aniqlanib, hududiy boshqarmaning tegishli ko‘rsatmasiga asosan “HERBAL MED” MChJ tomonidan qonun talablariga zid bo‘lgan holatlar bartaraf etilgan hamda “Mahalla” telekanali orqali “Fito-Plyus” va “Gemorroid” mahsulotlarining yangilangan reklama roligi va aksilreklama berilgan.
*aksilreklama — noto‘g‘ri (insofsiz, bila turib yolg‘on) reklama keltirib chiqargan yoki keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan oqibatlarni tugatish maqsadida tarqatiladigan raddiya (Reklama to‘g‘risida”gi qonunning 4 moddasi)
Samarqand va Sirdaryo viloyatlari hududida ham turli telegram kanallari (“Sirdaryo moshina bozor”, “Gulistonliklar Rasmiy”, “Guliston Olx Sirdaryo”, “Samarqandliklar_Samarqand24”, “Samarqand100”, “Nurobod OLX” ) orqali biologik faol qo‘shimchalarning (“Gemoroydan xalos etuvchi”, “Disaar”, “Stop diabet-No diabet”) qonunga zid reklamalari tarqatilgan holatlar aniqlanib, kanal adminlariga tushuntirish va ogohlantirish berildi va reklama materiallari kanallardan olib tashlandi.
Eslatma. Biologik faol qo‘shimchalar kasalliklarni davolovchi vosita emas.
Biologik faol va oziq-ovqat qo‘shimchalari ishlab chiqaruvchilari, muvofiqligini baholovchi hamda reklama bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlardan mahsulotlar haqidagi ma’lumotlarni qonunchilik talablariga to‘liq muvofiq holda taqdim etish, shu bilan birga, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qoidalariga qat’iy amal qilish talab qilinadi.
Bugungi kunda Qo‘mita tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari yuzasidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.