Reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida, Qo‘mita tomonidan ommaviy axborot vositalaridagi reklamalar muntazam ravishda o‘rganilmoqda.
Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali biologik faol qo‘shimchalarning reklamasi amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga nomuvofiq holda berilishi kuzatilmoqda va ularning kuchli ta’siri va terapevtik samaradorligi haqida asossiz da’volar ilgari surilmoqda.
Shuningdek, biologik faol qo‘shimchasi reklamasida, turli og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlar tomonidan, ushbu mahsulotlarni iste’mol qilish natijasida ularning ahvoli yaxshilanganligi haqida lavhalar joylashtirilmoqda.
Bu borada, Qo‘mita tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida quyidagi nomlari keltirib o‘tilgan BFQlarning nomuvofiq bo‘lgan reklamalari yuzasidan tegishli huquqiy-ta’sir choralari ko‘rilgan:
🔵“Stop Diabet” BFQ;
🔵“Effect Herbals” BFQ;
🔵“Fito Diabetic” BFQ;
🔵“Biomalham” BFQ;
🔵“Gemopro” BFQ;
🔵“Gemmoroid Plus” BFQ;
🔵“Visu Caps” BFQ.
Qo‘mita so‘rovi bo‘yicha Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi bergan xulosaga asosan, yuqoridagi BFQ mahsulotlarining qo‘llash yo‘riqnomasida ko‘rsatilgan ma’lumotlar ijtimoiy tarmoqlarda reklamalarda qayd etilgan xususiyatlari bilan mos emasligi ma’lum qilingan.
Qo‘mita tomonidan axborot resurslari orqali joylashtirilgan reklamalarning amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan o‘rganish va tahlil ishlari davom ettirilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarimizni har bir mahsulotni sotib olganda ularning tarkibini diqqat bilan o‘rganib chiqishga, sertifikatlanganligini tekshirib, faqatgina shifokor bilan maslahatlashgan holda qabul qilishga chaqiradi!