Fuqarolarning murojaatlari asosida “Badavlat ayol” loyihasining faoliyati Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra 2-3-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan mazkur loyiha yurtdoshlarimizga, xususan ayol-qizlar uchun oilaviy munosabatlar, psixologiya, tadbirkorlik va shaxsiy rivojlanish bo‘yicha bilim berishga qaratilgan ta’lim platformasi sifatida kerakli tavsiya va yo‘nalishlar taqdim etib kelmoqda. Shuningdek, mazkur loyihada ishtirokchilarga qulaylik yaratish maqsadida to‘lovlarni “Uzum nasiya” orqali muddatli to‘lov shartlari asosida amalga oshirish imkoniyati ham yaratilgan.
Biroq Qo‘mitaga kelib tushgan 50 ga yaqin shikoyat murojaatlarida fuqarolar quyidagi jiddiy muammolarga duch kelganliklarini bildirganlar:
– Darslar o‘z vaqtida tashkil etilmayotgani yoki ta’lim jarayonlari professional ustozlar tomonidan o‘tkazilmayotgani;
– Ta’lim sifati pastligi va va’da qilingan natijalarga erishilmayotgani;
– Tashkilotchilar tomonidan tinglovchilarning e’tirozlari e’tiborsiz qoldirayotganligi va qo‘pol munosabatdaligi;
– E’tiroz bildirgan ishtirokchilarning platformada bloklanishi;
– 3 oylab darslar o‘tkazilmayotgan bo‘lsa-da, iste’molchilardan har oylik to‘lovlar plastik kartalardan avtomatik tarzda yechib olinishi;
– Shartnomani bekor qilish jarayoni og‘irlashtirilgani, ayniqsa chekka hududlardagi fuqarolar uchun Toshkent shahriga kelish talabi qo‘yilganligi;
– Loyihaga a’zo bo‘lish uchun Instagrammdagi sahifada “bitta tugma bosish” kifoya bo‘lsa-da, shartnomani bekor qilish imkonsizligi va boshqalar.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqqan holda, Raqobat qo‘mitasi mazkur shikoyatlarni “HELPDESK” MCHJ (loyiha tashkilotchisi) va “SHAFFOF MOLIYA” MCHJ (moliyalashtiruvchi tashkilot) bilan birgalikda o‘rganib, ularni hal etish yuzasidan ishlar olib bormoqda. Shuningdek, iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish maqsadida, “Uzum nasiya”ga loyiha bilan hamkorlik shartnomasini bekor qilish masalasini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha rasmiy taklif yuborildi.
Hurmatli fuqarolar!
“Badavlat ayol” loyihasiga a’zo bo‘lish yoki shu kabi onlayn ta’lim platformalarida ishtirok etishdan avval, kelgusida noqulay vaziyatlarga duch kelmaslik uchun quyidagilarga alohida e’tibor qaratishingizni so‘raymiz:
🔘Taqdim etilayotgan shartnoma shartlari bilan puxta va batafsil tanishib chiqing;
🔘Moddiy va vaqtincha imkoniyatlaringizni xolisona baholab, qaror qabul qiling;
🔘Hech qanday holatda shaxsiy ma’lumotlaringiz, jumladan bank kartangizga oid ma’lumotlarni ishonchsiz shaxslar yoki platformalarga taqdim etmang;
🔘Onlayn platformalar orqali identifikatsiya jarayonlarini amalga oshirishdan oldin, xizmatning haqiqiyligi, ishonchliligi va manfaatdorligiga to‘liq ishonch hosil qiling.