Ulbo‘sun Egamova,
Forish tumanidagi “Uchquloch” mahalla raisi:
– Ba’zida savdo do‘konlarida sifatsiz nonlar sotilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Aksariyat sotuvchilar qaytarib olib kelingan nonlarini qabul qilmasligini aytadi. Odamlar ilojsiz sifatsiz mahsulotlarini chiqindiga tashlashyapti. Natijada bugungi kunda chiqindixonalar non mahsulotlariga to‘lib ketgan. O‘zi qonunda non va non mahsulotlari sotishga qanday talablar qo‘yilgan? Agar mahsulot sifatsiz bo‘lsa, almashtirib beriladimi?
Umida Mansurova,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi axborot xizmati mas’ul vakili:
– Non va non mahsulotlarini sotishning talabi bor. Jumladan, Ixtisoslashtirilgan non do‘konining savdo zalida yoki non mahsuloti savdosini amalga oshiruvchi bo‘limda ko‘rinarli joyga mahsulotning tayyorlovchilari, olib kelish jadvallari, non mahsulotlarini sotish muddatlari, parhezbop non mahsulotlari va yangi turdagi mahsulotlarning xususiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘lishi lozim. Yetkazib beruvchining ilova hujjatida ushbu tovarlar to‘g‘risida «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5 va 6-moddalarida nazarda tutilgan to‘liq ma’lumotlar bo‘lishi lozim.
Non va non-bulka mahsulotlari savdosini amalga oshiruvchi savdo korxonalarida belgilangan ish soatlarida assortiment ro‘yxatida nazarda tutilgan assortimentdagi non va non-bulka mahsulotlari bo‘lishi lozim.
Amaldagi texnik reglamentlar yoki standartlar talablariga muvofiq bo‘lmagan, shuningdek noto‘g‘ri saqlash tufayli buzilganlik belgilari bo‘lgan non, non-bulka mahsulotlarini sotish taqiqlanadi.Savdo ob’ektlarida noto‘g‘ri saqlangani tufayli buzilgan taqdirda buning uchun savdo ob’ektlari javob beradi.
Vazirlar Mahkamasining O‘zbekiston Respublikasida Chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 75-sonli qaroriga ko‘ra sifatsiz non yoki non mahsulotlari sotilgan taqdirda sotuvchi xodimlar xaridor talabi asosida sotuvchi uni almashtirib berishi yoki pulini qaytarib berishi kerak. Xaridorlar tomonidan qaytarib berilgan non va non-bulka mahsulotlari sanitariya jihatidan yaroqsiz hisoblanadi. Zararlangan mahsulotlar sotuvdan olinib, amaldagi qoidalarga asosan yo‘q qilinadi va dalolatnoma tuziladi.
Xulosa shuki, iste’molchi sifatsiz non sotib olganda 24 soat ichida uni sifatlisiga, albatta nazorat kassa cheki bilan almashtirib olish huquqiga ega. Agar belgilangan huquqlari buzilsa, Raqobat qo‘mitasining 1159- ishonch telefoniga shikoyat qoldirishi mumkin.