Qo‘mita delegatsiyasi Germaniya tajribasini o‘rganmoqda
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi delegatsiyasi 4–10-oktabr kunlari Germaniya poytaxti Berlinda bo‘lib, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va raqobat siyosati sohasidagi Germaniya tajribasini o‘rganmoqda.
Tashrif doirasida Germaniyaning Federal yustitsiya va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vazirligi, Federal iqtisodiyot va energetika vazirligi, Germaniya chakana savdo uyushmasi (HDE) hamda ConPolicy iste’molchilar siyosati instituti bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Ularda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, raqobat siyosati hamda savdoda narx va reklamaning shaffofligini ta’minlash masalalari o‘rganildi.
Jumladan, O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasida o‘tkazilgan davra suhbatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, Germaniya tajribasini o‘rganish va ikki mamlakatning vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Moliyaviy xizmatlar va raqamli bozorlarda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, sun’iy intellektdan samarali foydalanish va ortiqcha qarzdorlikning oldini olish bo‘yicha Germaniya tajribasini o‘rganish davom etmoqda.








