Raqobat qo‘mitasi kredit to‘lovlari bo‘yicha hisob-kitob mexanizmini iste’molchilar foydasiga qayta ko‘rib chiqish yuzasidan Markaziy bankka taklif yubordi
Raqobat qo‘mitasiga kelib tushgan murojaatlarga ko‘ra, ayrim banklarda kredit bo‘yicha oylik to‘lovdan ortiqcha to‘langan mablag‘lar asosiy qarzni kamaytirishga yo‘naltirilmasdan, tranzit hisobvaraqlarda saqlanib qolmoqda. Buning oqibatida asosiy qarz kamaymay, unga foiz hisoblanishi davom etmoqda.
🟦 Masalan, «O‘zsanoatqurilishbank» va **»Hamkorbank»**ning kredit shartnomalarida ortiqcha to‘lovni asosiy qarzga yo‘naltirish majburiyati aniq belgilangan. Biroq, amalda ushbu talab bajarilmayotgani, ortiqcha mablag‘lar tranzit hisobvaraqda qolib, asosiy qarzga foiz hisoblanishi, bank mobil ilovalarida kredit to‘lovlari bilan bog‘liq jarayonlarni boshqarish imkoniyatlari yetarli emasligi ma’lum bo‘lmoqda.
🔴 Vaholanki, ortiqcha to‘langan mablag‘ning asosiy qarzga yo‘naltirilmasligi va unga foiz hisoblanishining davom etishi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun talablariga zid hisoblanadi.
🟢 Shuningdek, bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid Nizomga ko‘ra, oylik to‘lovdan ortiq kelib tushgan mablag‘, agar shartnomada boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, asosiy qarzni so‘ndirishga yo‘naltirilishi va kredit summasi qayta hisoblanishi lozim, bank dasturiy ta’minotidagi nosozliklar esa iste’molchi majburiyatlarining ortishiga olib kelmasligi kerak.
Yuqoridagilarga ko‘ra, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va intizomli kredit to‘lovchilarni rag‘batlantirish maqsadida Qo‘mita tomonidan Markaziy bankka quyidagi takliflar kiritildi:
🔍 joriy amaliyot va xorijiy tajriba asosida bank xizmatlari iste’molchilari bilan munosabatlarga oid Nizomning ortiqcha to‘lovlarni asosiy qarzga yo‘naltirish tartibini belgilovchi 37-bandi talablarini iste’molchilar manfaatlaridan kelib chiqib qayta ko‘rib chiqish;
🔍 kredit hisob-kitoblari, jumladan, muddatidan oldin to‘lash shartlarini bevosita qonun darajasida, xususan, «Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida»gi Qonun bilan tartibga solish.
✅ Xorijiy tajribada:
AQSHning ayrim banklarida mijoz ilovada «Principal Only» («faqat asosiy qarz uchun») belgisini tanlab, ortiqcha mablag‘ni bevosita asosiy qarzga yo‘naltirishi mumkin. Rossiyada iste’mol kreditini muddatidan oldin so‘ndirish uchun qo‘shimcha haq olish nazarda tutilmagan;
Qozog‘istonda kredit muddatidan oldin jarimasiz so‘ndiriladi, qisman so‘ndirishda esa bank bilan kelishilgan holda oylik to‘lov kamaytiriladi yoki kredit muddati qisqartiriladi.
Yevropa Ittifoqida muddatidan oldin so‘ndirishda qolgan muddatga tegishli foiz va xarajatlarni kamaytirish huquqi belgilangan (2008/48/EC direktivasining 16-moddasi, 2014/17/EU direktivasining 25-moddasi).








