GAZ, ELEKTR VA SUV TA’MINOTIDA ASOSSIZ UNDIRILGAN MABLAG‘LAR ISTE’MOLCHILARGA QAYTARILDI
Raqobat qo‘mitasining hududiy organlari tomonidan kommunal xizmatlar sohasida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida bir qator viloyatlarda asossiz to‘lov va sifatsiz xizmat holatlari aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi.
📍 Jizzax viloyati
Jizzax viloyat hududiy boshqarmasi «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Jizzax hududiy filiali tomonidan maishiy iste’molchilarga qo‘llanilgan qoida buzarlik dalolatnomalarining qonun talablari asosida tuzilganligini o‘rgandi.
Arnasoy, Baxmal, Sharof Rashidov va Jizzax shahar elektr ta’minoti korxonalari tomonidan 8 ta holatda dalolatnoma rasmiylashtirishda qonunchilik talablariga rioya qilinmaganligi aniqlanib, dalolatnomalar bekor qilinishiga erishildi va 5,4 mln so‘m mablag‘ to‘liq iste’molchilar foydasiga qayta hisob-kitob qilindi.
Shuningdek, aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berilishi yuzasidan ham o‘rganish o‘tkazildi. Natijada «Jizzax Suv ta’minoti» AJning G‘allaorol tumani filiali tomonidan «Baxt» va «Samarqand» MFYlaridagi 10 ta nuqtada suvning umumiy qattiqligi belgilangan 7 (10) mg-ekv/dm³ me’yor o‘rniga 13,5 gacha yetgani, ya’ni iste’molchilarga sifatsiz ichimlik suvi yetkazib berilgani aniqlandi.
2026 yil 17 apreldan 5 maygacha yetkazib berilgan 1238 m³ suv uchun hisoblangan 4,9 mln so‘m mablag‘ 276 nafar iste’molchi foydasiga to‘liq qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
📍 Samarqand viloyati
Samarqand shahar, Ziyolilar MFYdan fuqaro F.Rajabova “Call markaz” orqali murojaat qilib, “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyatining “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tomonidan xonadoniga 1,3 mln so‘m asossiz qarzdorlik hisoblanganini ma’lum qildi.
Hududiy boshqarma xodimlari tomonidan o‘rganish o‘tkazilib, asossiz hisoblangan qarzdorlik fuqaroga qayta hisob-kitob qilib berildi.
📍 Farg‘ona viloyati
Raqobat qo‘mitasining Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan boshqarmaga kelib tushgan murojaatlarga asosan “Hududgazta’minot” AJning “Hududgaz Farg‘ona” gaz ta’minoti filialining tuman-shahar bo‘limlari tomonidan iste’molchilarga suyultirilgan uglevodorod gazini o‘z vaqtida yetkazib berilishida *“Raqobat to‘g‘risida” va “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”*gi Qonun va boshqa qonunosti hujjatlar talablariga rioya etilganligi yuzasidan tekshirish o‘tkazildi.
Tekshiruv natijasida filialning tuman-shahar gaz bo‘limlari tomonidan ajratilgan suyultirilgan uglevodorod gazini iste’molchilarga teng miqdorda taqsimlamasdan, shartnoma talablarini buzgan holda, reja-jadvallariga amal qilinmaganligi aniqlandi. Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Hududgazta’minot” AJ va uning filialiga moliyaviy jarima belgilanib, qonunbuzilish holatini to‘xtatish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
📍 Namangan viloyati
Boshqarma tomonidan “Namangan suv ta’minoti” AJ faoliyati o‘rganildi. Tekshirish davomida ichimlik va oqava suv narxlarini (tariflarini) shakllantirishda xom ashyo materiallari bo‘yicha belgilangan me’yorlarga amal qilinmagani sababli 252,7 mln so‘m, shuningdek narxda hisobga olingan, ammo haqiqatda amalga oshirilmagan xarajatlar hisobiga 1,18 mlrd so‘m — jami 1,4 mlrd so‘mdan ziyod miqdorida asossiz daromad olingani aniqlandi. Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, “Namangan suv ta’minoti” AJga nisbatan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
📍 Sirdaryo viloyati
Prezidentning 2020 yil 25 sentabrdagi PF-6074-son Farmoniga muvofiq ichimlik suvi sifatini nazorat qilish doirasida Oqoltin tumanida o‘rganish ishlari olib borildi. Olingan namunalar tekshiruvida tumanning 2 ta mahallasida jami 537 nafar iste’molchiga sifatsiz ichimlik suvi yetkazib berilib, 6,2 mln so‘mga yaqin asossiz mablag‘ olingani aniqlandi. Mazkur holatlar “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 4, 12, 19–20-moddalari talablari buzilishiga sabab bo‘lgan.
“Sirdaryo suv ta’minoti” AJga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, 537 nafar iste’molchi bilan 6,2 mln so‘mga yaqin mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
🛡 Raqobat qo‘mitasi o‘rganishlarni davom ettiradi.








