Qo‘mita vakillari ICTWEEK Uzbekistan 2026 doirasida Future Intelligence Forum’da ishtirok etdilar
2026-yil 23-sentabr kuni Raqobat qo‘mitasi vakillari ICTWEEK Uzbekistan 2026 xalqaro axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligi doirasida bo‘lib o‘tgan «Future Intelligence Forum«da ishtirok etdi.
Raqamli iqtisodiyot, zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellekt davrida davlat boshqaruvi masalalariga bag‘ishlangan forum doirasida Qo‘mita raisining o‘rinbosari F. Karabayev «Sun’iy intellektni kim nazorat qiladi? Raqobat, raqamli suverenitet va davlatning yangi roli» mavzusidagi taqdimot bilan so‘zga chiqdi.
Ma’ruza va undan keyingi panel muhokamasi davomida sun’iy intellektni rivojlantirish erkinligi, davlatning roli, raqamli bozorlarda raqobatni ta’minlash hamda O‘zbekistonning raqamli suverenitetini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, innovatsiyalarni ortiqcha tartibga solish to‘siqlarisisiz rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, raqobat muhitini saqlab qolish, shuningdek, alohida bulutli infratuzilma yetkazib beruvchilari, sun’iy intellekt modellari va texnologik platformalarga qaramlikni kamaytirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.
Future Intelligence Forumda ishtirok etish xalqaro ekspertlar va texnologik hamjamiyat vakillari bilan fikr almashish, sun’iy intellektni tartibga solish bo‘yicha zamonaviy yondashuvlar bilan tanishish hamda texnologik rivojlanish, sog‘lom raqobat va raqamli suverenitetni uyg‘unlashtirishning amaliy mexanizmlarini muhokama qilish imkonini berdi.
Taqdimotning asosiy maqsadlaridan biri sun’iy intellektni rivojlantirish ochiq raqobat sharoitida amalga oshirilishi, yangi ishtirokchilarning bozorga kirib kelishi va o‘z texnologik yechimlarini rivojlantirishiga imkon yaratishi lozimligi ta’kidlandi.








