4 MLDR SO‘MDAN ORTIQ QIYMATDAGI BIRJA SAVDOLARIDA QONUNBUZILISH HOLATLARI ANIQLANIB, TEGISHLI CHORALAR KO‘RILDI
Raqobat qo‘mitasi tomonidan yuqori likvidli va (yoki) monopol mahsulotlarni birja savdolariga qo‘yish tartibiga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat olib borilib, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Jumladan:
📍Qoraqalpog‘iston Respublikasi:
Qo‘mita tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga muvofiq, “ECO TEKS CLUSTER” MCHJ faoliyatida birja savdolarini amalga oshirish tartibi o‘rganildi.
Aniqlanishicha, 2023-yil 1-oktabrdan 2026-yil 31-mayga qadar paxta tolasi, lint va paxta yog‘i mahsulotlari birja savdolariga qo‘yish grafiklari tasdiqlanmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotilgan. Jami 38 ta holatda qonunchilik talablari buzilgan. 11 ta holatda paxta tolasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotilishi natijasida birja kotirovkasi va shartnoma narxi o‘rtasidagi farq hisobiga 183,8 mln so‘m asossiz olingan mablag‘ aniqlangan.
📍Andijon viloyati:
Hududiy boshqarma tomonidan “SADAF SOF UNLARI” MCHJning 2025-yil iyul–dekabr va 2026-yil yanvar–aprel oylarida birja savdolari orqali xarid qilingan bug‘doyni qayta ishlash va bug‘doy unini realizatsiya qilish faoliyati o‘rganildi. Aniqlanishicha, jamiyat tomonidan jami 3 918 tonna bug‘doy xarid qilinib, undan 2 646 tonna 75 foizli bug‘doy uni ishlab chiqarilgan.
Birja savdolariga 2025-yil iyul oyida rejaga nisbatan 258 tonna mahsulot kam qo‘yilgan. Sentabr oyida 840 tonna, oktabr oyida 910 tonna, noyabr oyida 810 tonna mahsulot birja savdolariga umuman qo‘yilmagan. Dekabr oyida rejaga nisbatan 570 tonna mahsulot kam qo‘yilgan.
Mahsulotlarni belgilangan hajm va muddatlarda birja savdolariga qo‘yish, reja-jadvallarga rioya qilish hamda o‘zgarishlar haqida vakolatli organ va birjani o‘z vaqtida xabardor qilish talablari buzilgan.
📍Jizzax viloyati:
Olib borilgan o‘rganish va tahlillar davomida “GROUPTEXTIL” MCHJ tomonidan 2025-yil dekabr oyida 2 holatda 1 186 tonna, qariyb 4,1 mlrd so‘mlik paxta chigiti (texnik) va tola mahsulotlarini birjaga qo‘yish uchun rejalashtirilgan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulot hajmining bir qismini tasdiqlangan muddatlar va hajmlarda savdoga chiqarmaganlik holatlari mavjudligi aniqlangan.
📍Qashqadaryo viloyati:
Boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganish va tahlillar davomida, viloyatdagi “Kasbi tegirmoni” MCHJ birjaga qo‘yish uchun rejalashtirgan yuqori likvidli va (yoki) monopol turdagi mahsulot hajmining bir qismini savdoga chiqarmaganlik holatlari aniqlangan.
Mazkur holatlar bo‘yicha yuqoridagi subyektlarga nisbatan hududiy organlarning Maxsus komissiyalari tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 29-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilishi bilan ish qo‘zg‘atilib, asossiz olingan mablag‘larni qaytarish va qonunbuzilish holatini bartaraf etish hamda kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.








