O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-sentyabrdagi 462-son qarori bilan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Mazkur nizom bilan “barchaga yoki hechkimga” tamoyili joriy etilib, unga ko‘ra davlat yordamini ajratishda bir xil sharoit va mezonlarga ega bo‘lgan, tovar va moliya bozorida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga davlat yordami alohida tartibda tanlab berilmasdan, teng ravishda taqdim etilishi yoki umuman taqdim etilmasligi belgilandi.
Shuningdek, nizom bilan davlat yordami quyidagi maqsadlarni amalga oshirish uchun berilishi belgilab qo‘yildi:
➡️ respublika hududlari yoki alohida tarmoqlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini oshirish;
➡️ amalga oshirilayotgan loyihalarning innovatsion xususiyatga ega bo‘lishini ta’minlash;
➡️ fuqarolar bandligini ta’minlash hamda ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash;
➡️ ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini amalga oshirish;
➡️ atrof-muhitni muhofaza qilish va respublikada ekologik holatni yaxshilash;
➡️ kichik va o‘rta biznes vakillarini yoki xotin-qiz tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi davlat yordamining raqobatga ta’sirini baholash bo‘yicha vakolatli organ etib belgilandi.








