Hurmatli Qo‘mita markaziy apparati, hududiy organlari va tizim tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlari!
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hamda xodimlarini kiberjinoyatlardan muhofaza qilish hamda kiberfiribgarlik holatlarining oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalardan kelib chiqib, barchangizni quyidagi ehtiyot choralariga qat’iy amal qilishga chaqiraman.
So‘nggi vaqtlarda davlat organlari rahbarlari va xodimlari nomidan soxta akkauntlar yaratish, sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan video va ovozli murojaatlar yuborish, telefon qo‘ng‘iroqlari orqali ishonch qozonish hamda shaxsiy va xizmat ma’lumotlarini qo‘lga kiritishga qaratilgan kiberfiribgarlik holatlari ko‘paymoqda. Bunday harakatlar nafaqat shaxsiy mablag‘larga, balki davlat organlarining axborot xavfsizligi va obro‘siga ham jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Shu munosabat bilan quyidagi qoidalarga amal qilishingizni so‘rayman.
Birinchidan, hech bir davlat organi, huquqni muhofaza qiluvchi organ yoki bank xodimi messenjerlar orqali bank kartasi ma’lumotlari, SMS-kodlar, elektron raqamli imzo kalitlari, login-parollar yoki boshqa maxfiy ma’lumotlarni talab qilmaydi. Bunday murojaatlar firibgarlik alomati sifatida baholanishi lozim.
Ikkinchidan, Qo‘mita rahbariyati yoki boshqa davlat organlari nomidan kelgan har qanday topshiriq, ayniqsa moliyaviy yoki shoshilinch ko‘rsatmalar, faqat rasmiy xizmat aloqa vositalari orqali tasdiqlanganidan keyin bajarilishi kerak. Shubha tug‘ilganda, topshiriqning haqiqiyligini albatta tekshiring.
Uchinchidan, sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan video, ovozli xabar va tasvirlarga ko‘r-ko‘rona ishonmang. Ular asosida qaror qabul qilishdan avval haqqoniyligini tekshiring.
To‘rtinchidan, noma’lum akkauntlardan yuborilgan havolalar va fayllarni ochmang, noma’lum ilovalarni o‘rnatmang hamda telefon yoki kompyuteringizga masofadan boshqarish imkonini beruvchi dasturlarni yuklab olmang.
Beshinchidan, firibgarlar, odatda, insonni shoshirish, qo‘rqitish va vaziyatni sir saqlashga majbur qilishga harakat qiladi. “Maxfiy topshiriq”, “Hisobingizdan pul yechilmoqda” yoki “Zudlik bilan harakat qiling” kabi murojaatlarga nisbatan alohida ehtiyotkorlik bilan yondashing.
Oltinchidan, har bir rahbar axborot xavfsizligi talablariga rioya etilishi ustidan doimiy nazoratni ta’minlashi, xodimlar bilan muntazam tushuntirish ishlarini olib borishi hamda shubhali holatlar haqida mas’ul bo‘linmalarni zudlik bilan xabardor qilishi zarur.
Hurmatli hamkasblar!
Axborot xavfsizligini ta’minlash har bir davlat xizmatchisining kasbiy mas’uliyatidir. Ogohlik, ehtiyotkorlik va belgilangan tartiblarga qat’iy rioya etish orqali biz davlat manfaatlarini, xizmat faoliyatimizni hamda shaxsiy xavfsizligimizni ishonchli himoya qila olamiz.
Barchangizni kiberfiribgarlikning har qanday ko‘rinishiga nisbatan hushyor bo‘lishga, faqat rasmiy axborot manbalariga tayanishga va shubhali holatlarni zudlik bilan tekshirishga chaqiraman.
Ogohlik – kiberxavfsizlikning eng ishonchli kafolatidir!


