Raqobat qo‘mitasi aralashuvi bilan tadbirkorga nisbatan asossiz hisoblangan 72 mln so‘mlik qarzdorlik bekor qilindi
Raqobat qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida tizimli ishlarni davom ettirmoqda.
Urganch shahrida faoliyat olib boruvchi “PITNAK ESHIK OYNA” MCHJga bino-inshootiga tabiiy gaz qoidalarini buzganlik uchun tuzilgan 72 mln so‘mlik dalolatnoma asossiz ekanligini bildirib, hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Murojaat yuzasidan tegishli o‘rganish ishlari olib borilishi davomida “Hududgaz ta’minot” AJ va uning “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filiali tomonidan asossiz dalolatnoma tuzilganlik holati aniqlandi.
Yuqoridagi aniqlangan holatlarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasi talablari buzilganligi bo‘yicha “Hududgaz ta’minot” AJning “Hududgaz Xorazm” gaz ta’minoti filialiga nisbatan ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish hamda ortiqcha hisoblangan 72 mln so‘m qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.
Ushbu qaror va ko‘rsatma orqali “PITNAK ESHIK OYNA” MCHJning qonuniy huquq va manfaatlari tiklandi hamda gaz ta’minoti sohasidagi asossiz qarzdorliklarga chek qo‘yildi.
Raqobat qo‘mitasi kelgusida ham tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilish, shaffof va adolatli bozor muhitini shakllantirish borasidagi faoliyatini izchil davom ettiradi.








