“TBC Bank” guruhiga aloqador kompaniyaning “OLX Classifieds”ni sotib olishi bo‘yicha iqtisodiy konsentratsiya bitimiga rozilik berildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan Birlashgan Arab Amirliklarida ro‘yxatdan o‘tgan “Tapuz Limited” kompaniyasining “OLX Classifieds” MChJ XKning (“OLX” savdo belgisi ostida onlayn reklama xizmatlarini ko‘rsatuvchi raqamli platforma) 100 foiz ulushini sotib olish bo‘yicha arizasi ko‘rib chiqildi.
Ma’lumot uchun,
🔘 “Tapuz Limited” — korxonalarga investitsiya kiritish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi (holding) tashkilot;
🔘 “OLX Classifieds” MChJ XK — “OLX” savdo belgisi ostida onlayn reklama xizmatlarini ko‘rsatuvchi raqamli platforma operatori hisoblanadi.
🟢 Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlillar davomida “Tapuz Limited” kompaniyasining asosiy aksiyadori bo‘lgan “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi O‘zbekistonda “TBC bank” raqamli tijorat banki hamda “Payme” onlayn to‘lov xizmatiga bilvosita egalik qilishi, shuningdek, “Payme” AJ va “OLX Classifieds” MChJ XK raqamli platformalar sohasida ustun mavqega ega korxonalar ro‘yxatiga kiritilganligi inobatga olindi.
📌 Shu bilan birga, “Tapuz Limited” kompaniyasi O‘zbekistonda onlayn reklama xizmatlari sohasida faoliyat yurituvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlar ustav fondida ulushga ega emasligi aniqlandi.
✅ Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim bo‘yicha raqobat muhitini saqlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator majburiy talablar belgilangan holda iqtisodiy konsentratsiya bitimiga oldindan rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
🔴 Jumladan, quyidagi talablarga rioya qilinishi belgilandi:
🔘“Tapuz Limited” kompaniyasining aksiyadorlaridan biri hisoblangan “TBC Bank Group PLC” kompaniyasi nazoratidagi raqamli platformalar orqali “OLX” raqamli platformasining hozirgi va kelgusidagi foydalanuvchilari uchun xizmatdan foydalanish shartlariga bir tomonlama va asoslanmagan tarzda ta’sir ko‘rsatishga yo‘l qo‘ymaslik;
🔘“OLX” raqamli platformasi orqali to‘planadigan yoki qayta ishlanadigan ma’lumotlardan foydalanishda, shuningdek “TBC bank” ATB va “Payme” AJ bilan raqobatda bo‘lgan tijorat tashkilotlarining mijozlariga oid shaxsiy yoki tijorat ma’lumotlaridan raqobatni cheklash maqsadida foydalanmaslik yoki ularni oshkor qilmaslik, ustun mavqeni suiiste’mol qilmaslik hamda iste’molchilar huquqlarini kamsitmaslik choralarini ta’minlash;
🔘“OLX” raqamli platformasi orqali xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishda faqat “Payme” yoki “TBC bank” mobil ilovalaridan foydalanishga majburlamaslik hamda raqobatchi to‘lov xizmatlari uchun teng sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish;
🔘O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuni 18-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga to‘liq rioya qilish.








