Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublikamizning barcha hududlari kesimida sifatsiz hamda yaroqlilik muddati o‘tgan mahsulotlarni savdodan olib tashlash, iste’mol bozorlarida sanitariya va savdo qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, shuningdek iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda kompleks va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan,
🟠Jizzax viloyati misolida, Hududiy boshqarma tomonidan sifatsiz va iste’molga yaroqsiz mahsulotlar sotilishining oldini olish maqsadida jami 38 ta nazorat xaridi o‘tkazildi. Olingan laboratoriya xulosalariga ko‘ra, 7 turdagi mahsulotlarning sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi amaldagi normativ hujjatlar talablariga nomuvofiq ekani aniqlandi. Natijada qiymati qariyb 46,0 mln so‘mni tashkil etuvchi iste’molga yaroqsiz mahsulotlar qonunchilikda belgilangan tartibda savdo rastalaridan olib tashlanishi ta’minlandi.
Shuningdek, mazkur holatlar bo‘yicha qonunchilikka asosan tadbirkorlik subyektlariga nisbatan belgilangan tartibda tegishli ta’sir choralari ko‘rildi.
🟠Namangan viloyati misolida, Hududiy boshqarma tomonidan Namangan shahrida joylashgan “Sardoba” dehqon bozorida o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Xususan, bozordagi 181-sonli savdo do‘konida 13 turdagi 27 ta qadoqda, 111-sonli savdo do‘konida 13 turdagi 39 ta qadoqda hamda 117-sonli savdo do‘konida 5 turdagi 18 ta qadoqda, jami 3 ta savdo do‘konida 31 turdagi 84 ta qadoqdagi qiymati qariyb 2 mln so‘mni tashkil etuvchi oziq-ovqat mahsulotlari aniqlandi.
Ushbu mahsulotlarda ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati va ishlab chiqaruvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatilmagan bo‘lib, belgilangan tartibda savdo rastalaridan olib qo‘yildi hamda vakolatli organlar tomonidan qonunchilikka muvofiq tegishli ta’sir choralari ko‘rildi.
🟠Navoiy viloyati misolida, Hududiy boshqarma tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda viloyatdagi barcha dehqon bozorlari hamda aholi gavjum joylarida arzonlashtirilgan oziq-ovqat mahsulotlari savdo yarmarkalari tashkil etilmoqda. Ushbu yarmarkalar doirasida sotilayotgan mahsulotlarning sifati, yaroqlilik muddati va saqlash qoidalariga qat’iy rioya etilishi ta’minlanib, mazkur masalalar doimiy nazoratga olinmoqda. Bu esa aholini sifatli va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shuningdek, Navoiy shahri hamda Karmana tumanida joylashgan dehqon bozorlarida nazorat tadbirlari o‘tkazilib, o‘rganishlar davomida tadbirkorlik subyektlariga yaroqlilik muddati o‘tgan va sifati talablarga javob bermaydigan mahsulotlarni savdoga chiqarmaslik bo‘yicha tushuntirish va profilaktik ishlar amalga oshirildi.
🟠Toshkent viloyati misolida, Oqqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaro X.S. savdo do‘konidan xarid qilingan oziq-ovqat mahsulotlarida ishlab chiqarilgan sana va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagani yuzasidan murojaat qildi. O‘rganish natijasida qoidabuzarlik tasdiqlanib, “Atxamov Kamronbek 701” MCHJ mas’ul xodimlariga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.








