Blogerlarning qiyofasidan qimorga asoslangan o‘yinlarni reklama qilishda foydalanilganligi aniqlandi
So‘nggi paytda sun’iy intellekt yordamida taniqli shaxslarning fotosuratlari va videolarini qalbakilashtirish orqali fuqarolarning ishonchiga kirish uchun boshqa shaxslarning ovozlari va tasvirlaridan foydalanilmoqda.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlar orqali sun’iy intellekt yordamida yaratilayotgan dipfeyklar, soxta tasvirlar, yolg‘on xabarlarning soni ortib bormoqda.
Dipfeyk – bu taniqli davlat arboblari, hukumat vakillari yoki mashhur shaxslarning ko‘rinishlari va hatto ovozlarini sun’iy intellekt yordamida taqlid qilishdir.
Misol uchun, ijtimoiy tarmoqlarda so‘z ustasi Elmurod Xaqnazarovning sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda uning ovozini soxtalashtirish orqali “Chiken Road” nomli qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinga pul mablag‘larini o‘tkazish va bu orqali yuqori daromad olish mumkinligi haqidagi reklamasi joylashtirilganligi kuzatildi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan bevosita E.Xaqnazarovni jalb qilgan holatda ushbu holat o‘rganilganda, u ushbu reklamani joylashtirmaganligini, uning ovozidan sun’iy intellekt yordamida soxta video montaj qilinganligini bildirib, fuqarolarni firibgarlar ishonchiga kirishga va ularning pullarini o‘zlashtirishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirgan va bo‘yicha tushuntirish bergan.
Shuningdek, Qo‘mita tominidan olib borilgan tezkor o‘rganishlar natijasida ijtimoiy tarmoqlardagi @dili.me sahifasini yurituvchi bloger D.Nazarov hamda @abdurahmonmufid sahifasini yurituvchi bloger A.Abduraxmonovlar tomonidan qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni reklama qilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Internetda tarqatilayotgan feyk video – original tasvirning sun’iy intellekt yordamida murakkab tarzda soxtalashtirilgan shakli hisoblanadi.
O‘z navbatida, Qo‘mita fuqarolarni taniqli shaxslarning qiyofasi yoki ularning ovozidan foydalanilgan sun’iy intellekt yordamida yaratilgan bunday xabarlarga ishonmaslikka, ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonunda taqiqlangan tovarlarni reklamasiga ogoh va diqqatli bo‘lishi lozimligi haqida ogohlantiradi.
Shu bilan birga, ushbu holatga huquqiy baho berish hamda mazkur kontentni ishlab chiqqan shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish uchun Huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumotlar yuborildi.








