Oxirgi vaqtda Qo‘mita tomonidan o‘tkazilayotgan monitoringlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilinayotgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) reklamalarida narxlarni xorijiy valyutalarda ko‘rsatish keng tarqalayotganligi kuzatilmoqda.
Xususan, Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan monitoringlarda ijtimoiy tarmoqlar orqali “Uyjoylar,uz», «Buxoro Agentstva_Nest», «Qashqadaryo uylari N1», «Sirdaryo Uy Bozor», «Namangan Uylari», «Navoiy uylari| Navoiy uy bozor», «Uy Bozorim», «Hilolbozor,uz» hamda «Gulistonliklar Uy-Joy» telegram kanali orqali ko‘chmas mulklarning narxlari xorijiy valyutada berilgan reklama axborotlari joylashtirilganligi aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 16-moddasiga muvofiq, reklamada narxlarni (tariflarni) chet el valyutasida ko‘rsatish taqiqlanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi Qonunining 9-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi hududida tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun barcha hisob-kitoblar va to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi valyutasida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining chet el valyutalariga va shartli birliklarga bog‘lanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Uyjoylar,uz», «Buxoro Agentstva_Nest», «Qashqadaryo uylari N1», «Sirdaryo Uy Bozor», «Namangan Uylari», «Navoiy uylari| Navoiy uy bozor», «Uy Bozorim», «Hilolbozor,uz» hamda «Gulistonliklar Uy-Joy» telegram kanallari ma’murlariga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari haqida tegishli huquqiy tushuntirishlar berilishi natijasida mazkur kanalda joylashtirilgan reklama-axborotlari reklama qonunchiligi talablariga moslashtirilishi ta’minlandi.








