Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalariga ishonch telefonlari orqali fuqarolardan savdo sohasi bo‘yicha tushayotgan murojaatlar ijobiy yechim topmoqda.
Andijon viloyati
Hududiy boshqarmaga Asaka tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.D. tomonidan murojaat yetib kelgan bo‘lib, ushbu murojaatda “Texnomart” savdo do‘konidan olgan mahsuloti uchun ortiqcha 334 000 so‘m miqdorida to‘lov yechib olinganligi to‘g‘risida shikoyat qilib o‘tgan.
Mazkur murojaat o‘rganib chiqilib, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga asosan ortiqcha yechib olingan 334 000 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i iste’molchining shaxsiy plastik kartasiga o‘tkazib berilishi ta’minlandi.
Buxoro viloyati
Hududiy boshqarmaga fuqaro R.Yu. tomonidan kelib tushgan murojaatida stabilizator sotib olgani, ammo tovarda nuqsoni mavjudligi sababli shikoyat qilib, nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha “Uzum market” MChJga bir necha marotaba murojaat qilinganiga qaramasdan nuqsonlar bartaraf etib berilmayotganidan shikoyat qilgan.
Olib borilgan sa’y-harakatlari natijasida “Uzum market” MChJ tomonidan 630,0 ming so‘m pul to‘lovlari qaytarilishi ta’minlandi.
Jizzax viloyati
Hududiy boshqarma G‘allaorol tumanida yashovchi fuqaro M.B. “Yuksalish” savdo do‘koni bilan yuzaga kelgan noqulayliklardan norozi bo‘lib murojaat qildi. O‘rganishlar davomida fuqaro bir yillik muddatli to‘lov asosida maishiy texnika sotib olgani, joriy yilning 3-iyul kuni barcha to‘lovlarni to‘lagani, ammo 25-iyul kuni fuqaroning bank plastik kartasidan qayta yechib olingani ma’lum bo‘ldi. Natijada 58 000 so‘m pul mablag‘i fuqaroga qaytarilishi ta’minlandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Raqobat qo‘mitasiga Qonliko‘l tumanida yashovchi S.G.ning “Alif Finans” MChJ savdo do‘koniga oid murojaati o‘rganilganida fuqaro muddatli to‘lovga texnika sotib olib, qarzni to‘liq qoplaganiga qaramay, mehnat ta’tili pulidan ortiqcha mablag‘ yechib olingani ma’lum bo‘ldi.
Qonuniy tushuntirish ishlari olib borilishi natijasida 2 mln 60 ming so‘mga yaqin ortiqcha yechib olingan mablag‘ fuqaroga qaytarilishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati
Hududiy boshqarma Qarshi tumanida yashovchi fuqaro K.F. “IDEA” savdo do‘konidan oyma-oy to‘lov sharti bilan 17 mln so‘mlik maishiy texnika xarid qilgani, biroq narxning qimmatligi sabab shartnomani bekor qilishda amaliy yordam so‘rab yozgan murojaatini o‘rganib chiqdi. O‘rganish natijasida tadbirkorlik subyekti qonun talablari tushuntirilib, shartnoma bekor qilinib, texnika vositalarining qaytarilishi ta’minlandi.
Surxondaryo viloyati
Hududiy boshqarma tomonidan Termiz shahrida yashovchi fuqaro Z.X.ning Uzum nasiya orqali xarid qilgan tovarini almashtirishdagi muammo yuzasidan murojaati o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida fuqaro tomonidan xarid qilingan changyutgich o‘rniga o‘zaro kelishuvlar asosida kir yuvish mashinasiga almashtirib berilishi ta’minlandi.
Xorazm viloyati
Hududiy boshqarma Urganch shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro X.A.ning nuqsonli rakovina jihozi sifatlisiga almashtirib olishdagi muammosi yuzasidan qoldirgan murojaatini o‘rganib chiqdi.
O‘rganish davomida mahsulot nuqsonli ekanligi tasdiqlandi. Tadbirkorlik subyektiga “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari tushuntirildi va natijada fuqaroga 3 200 000 so‘m pul mablag‘i qaytarib berilishi ta’minlandi.








