Savdo, uy-joy, transport va kommunal xizmatlar bo‘yicha fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlar Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan batafsil o‘rganilmoqda.
Murojaatlarni hal etish jarayonida fuqarolar manfaati ustuvor ahamiyat kasb etayotgani natijasida ko‘plab masalalar o‘z yechimini topmoqda. Bu esa qo‘mita faoliyatining ochiqligi va fuqarolar bilan muloqotning samaradorligi ortib borayotganidan dalolat beradi.
Jumladan,
Andijon viloyati Fuqaro V.T. “MEGA INVEST” MCHJ qurilish kompaniyasi bilan soz holatda 3 ta xonadon sotib olish bo‘yicha to‘lovni amalga oshirib, shartnoma tuzganini ma’lum qilgan. Biroq hozirgi kunda ushbu xonadonlardan ikkitasi shartnoma shartlariga muvofiq soz holatda topshirilmagani sababli, fuqaro mazkur holat yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, iste’molchiga shartnoma asosidagi ikkita xonadonning soz holatda topshirilishi ta’minlandi.
Farg‘ona viloyati Fuqaro A.N.ning ma’lum qilishicha, o‘zini “UZUM NASIYA” kompaniyasi xodimi sifatida tanishtirgan shaxs unga 9 mln so‘mlik changyutgichni 2,4 mln so‘mlik chegirma asosida sotib olish imkoni borligini aytgan. Shu bilan birga, ushbu xarid uchun qo‘shimcha ravishda mikroto‘lqinli pech va par dazmoli ham taqdim etilishini va’da qilgan. Biroq, va’da qilingan tovarlar belgilangan muddatda yetkazib berilmaganligi sababli, fuqaro shartnomani bekor qilishni so‘rab hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, 2,4 mln so‘mga tuzilgan kredit shartnomasi bekor qilinishi ta’minlandi.
Jizzax viloyati Fuqaro Sh.Sh. Sh. Rashidov tumanida joylashgan “Euroasia Motors” MCHJ avtosalonidan muddatli to‘lov asosida 282 mln so‘mga xarid qilingan “CHEVROLET TRACKER redline” avtomashinasining “kuzov” qismida nuqsonlar aniqlanganidan norozi bo‘lib, ushbu holat yuzasidan hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida, avtosalon tomonidan nuqsonli avtomobil o‘rniga fuqaroga xuddi shu narxdagi boshqa yangi avtomobili almashtirib berilishi ta’minlandi.
Namangan viloyati Fuqaro Sh.T xonadonida iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun Elektr ta’minoti korxonasi (ETK) tomonidan 11 mln so‘m miqdorida asossiz qarzdorlik hisoblangan. Fuqaro mazkur masala bo‘yicha ETKga murojaat qilgan bo‘lsa-da, murojaat qoniqarli hal etilmaganidan norozi bo‘lib, hisoblangan qarzdorlikni qayta hisob-kitob qilishda hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, iste’molchiga hisoblangan asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.
Qashqadaryo viloyati Fuqaro O.Q. elektr energiyasi bo‘yicha 8 mln. so‘m asossiz qarzdorlik chiqarilganidan norozi bo‘lib hududiy boshqarmaga murojaat qilgan.
Hududiy boshqarma tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida, iste’molchiga hisoblangan asossiz qarzdorlik qayta hisob-kitob qilinishi ta’minlandi.







