Raqobat qo‘mitasi tomonidan sifatsiz xizmat ko‘rsatilgani yuzasidan chiqindi tashish korxonalariga tegishli ko‘rsatmalar yuborildi
Raqobat qo‘mitasi va uning hududiy boshqarmalariga fuqarolardan qattiq maishiy chiqindi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan asossiz qarzdorlik hisoblanishi, chiqindilarni belgilangan davrda olib ketilmasligi va sifatsiz xizmat ko‘rsatilayotgani kabi masalalar yuzasidan joriy yilning o‘tgan 9 oyida 1 000 taga yaqin murojaatlar kelib tushgan.
Xususan, murojaatlarning katta qismi Namangan, Qashqadaryo, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlariga tegishli.
Shu bilan bir qatorda, Qo‘mita Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida bu borada o‘rganishlar o‘tkazganida iste’molchilarga ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun qarzdorlik hisoblangani ham aniqlangan.
Misol uchun, Sirdaryo viloyatida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot tomonidan maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish jadvaliga rioya qilinmagani oqibatida atrof-muhitda chiqindilar ko‘p miqdorda to‘plangan, ammo shunga qaramay fuqarolar ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq to‘lashgan. Qayta qilingan hisob-kitoblar natijasida 628 mln so‘m iste’molchilar foydasiga hal etilishi ta’minlandi.
Yuqoridagilarga asosan, Qo‘mita tomonidan aholi yashash punktlaridan qattiq maishiy chiqindilarni belgilangan muddat va sifatda tashib ketilishini ta’minlash hamda asossiz qarzdorlik hisoblanishining oldini olish choralarini ko‘rish yuzasidan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligiga ko‘rsatma yuborildi.








