Raqobat qo‘mitasiga fuqaro V.K. tomonidan kelib tushgan murojaatda Ucell (“COSCOM” MChJ) uyali aloqa operatori tomonidan taqdim etilayotgan ommaviy oferta shartlarida ma’naviy zararni qoplash bilan bog‘liq holatlarda iste’molchilar huquqlarini cheklovchi talablar mavjudligi bildirilgan hamda ushbu shartlarni qonunchilikka muvofiqlashtirishda amaliy yordam so‘ralgan.
Murojaat bo‘yicha Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan tahlillar davomida, “Ucell”ning “PREPAID” tizimida uyali aloqa xizmatlarini taqdim etishga doir ommaviy ofertasida, tomonlar faqat to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilgan zararlar uchungina javobgar hisoblanishi, shu jumladan ma’naviy zarar va boy berilgan daromad uchun javobgarlik belgilanmagani aniqlandi.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” va “Telekommunikatsiyalar to‘g‘risida”gi Qonunlariga muvofiq xizmat lozim darajada ko‘rsatilmagan hollarda moddiy va ma’naviy zarar qoplanishi shart, iste’molchi huquqlarini cheklovchi shartlar mavjud shartnomalar esa haqiqiy emas deb hisoblanadi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita tomonidan “Ucell” (“COSCOM” MChJ)ga ommaviy ofertani qonunchilikka muvofiq qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Natijada, kompaniya shartlarga moddiy va ma’naviy zarar uchun ham javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgarishlar kiritdi.