Raqobat qo‘mitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tashqi reklama vositasini noqonuniy o‘rnatish, reklamalarni qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish maqsadida joylarda tizimli ravishda o‘rganish va monitoring tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, Sirdaryo tumanida faoliyat olib boruvchi “AVESTA KOMFORT EKO-GAZ” MChJga qarashli AGTKSh tomonidan avtomobil yo‘lining qatnov qismiga yaqin yo‘lakka pasportlashtirilmagan noqonuniy tashqi reklama konstruksiyasi o‘rnatilganligi aniqlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 428-sonli qaroriga asosan tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) joylashtirish uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali axborot tizimi orqali reklama joyining pasporti rasmiylashtirilishi belgilangan.
Mazkur aniqlangan holat yuzasidan boshqarma tomonidan MChJga ogohlantirishlar berilganiga qaramay tashqi reklama vositasi bilan bog‘liq kamchiliklar bartaraf etilmagan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita hududiy boshqarmasining Maxsus komissiyasi tomonidan “AVESTA KOMFORT EKO-GAZ” MChJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi. Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.