2024-yil 5-noyabr kuni Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida AQShning Tovar fyucherslari savdo komissiyasi (CFTC) va Tijorat huquqini rivojlantirish dasturi (CLDP) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, tovar birjalari, raqobat siyosati va raqamli platformalarni tartibga solish borasida fikr almashildi.
AQSh delegatsiyasidan Kevin Pikkoli (CFTC Xalqaro ishlar boshqarmasi direktori o‘rinbosari) va Nensi Doyl (CFTCning Xalqaro ishlar bo‘yicha katta yuriskonsulti) ishtirok etdilar. Shuningdek, delegatsiya tarkibida AQShning Tijorat vazirligi va CLDPning xalqaro dasturlar bo‘yicha mutaxassislari ham bo‘ldi.
Qo‘mita raisi Halilillo Turaxujayev O‘zbekistonda tovar birjalarini rivojlantirish va fyuchers savdolarini joriy etish islohotlari ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, zamonaviy savdo mexanizmlari iqtisodiyotni yana-da rivojlantirishga, shuningdek, mazkur sohadagi hamkorlik mamlakatning tijorat va raqobat imkoniyatlarini oshirishda muhim o‘rin egallashi haqida so‘z yuritildi.
Uchrashuvda tovar birjalari va raqobat siyosati sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini qayd etildi:
Tovar fyucherslarini tartibga solish bo‘yicha AQShning tajribasini o‘rganish
Fyuchers savdolarini joriy etish uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda amaliy yordam
Qo‘mita xodimlarining malakasini oshirish
Raqamli platformalarni tartibga solishda tajriba almashish
Muloqot natijasida kelgusidagi qo‘shma loyihalar va kelishuvlar bo‘yicha muhim qadamlar belgilandi.