Germaniya Federativ Respublikasi Federal kansleri janob Olaf Sholsning O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi hamda davlat rahbarlarining bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari O‘zbekiston bilan Germaniya o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Raqobat qo‘mitasining Germaniyaning Sparkassenstiftung for International Cooperation tashkiloti vakillari bilan bugungi uchrashuvida ham bu o‘z ifodasini topdi.
Raqobat qo‘mitasi raisi H.Turaxujayev boshchiligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlikning butun davrida erishilgan natijalar muhokama qilindi. Ishtirokchilar kelgusida hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi vazifalarni belgilab oldilar.
Tashkilotlar o‘rtasidagi joriy hamkorlik memorandumiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnoma imzolanishi uchrashuvning muhim voqeasi bo‘ldi. Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, o‘zaro anglashuv memorandumida raqobatni rivojlantirish, raqamlashtirish, xodimlar malakasini oshirish va institutsional rivojlanish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratilgan.
Qo‘mita 2021-yildan boshlab ushbu tashkilot bilan hamkorlik o‘rnatgan va Moliya sohasidagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida ikki tomonlama anglashuv memorandumi imzolangan.