Raqobat qo‘mitasi tomonidan http://etender.uzex.uz maxsus axborot portal ma’lumotlaridan foydalangan holda o‘tkazilayotgan davlat xaridlarini “Raqobat to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunlariga rioya etilishi yuzasidan doimiy ravishda monitoring ishlari olib borilmoqda.
Qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “TOSHKENT GIDROELEKTRSTANSIYALARI KASKADI” unitar korxonasi tomonidan maxsus axborot portaliga 4-GES hududida joylashgan OTQ-35kVni boshqa joyga ko‘chirish bo‘yicha boshlang‘ich narxi 958 mln so‘mga yaqin bo‘lgan e’lon joylashtirilgan.
Ushbu maxsus axborot portaliga joylashtirilgan xarid savdosi bo‘yicha belgilangan ishlarni bajarish uchun 3 ta talabgorlar: “MASTER ENGINEERING SERVICES” MChJ (950 100 499 so‘mlik), “JAAS ENGINEERING” MChJ (952 101 000 so‘mlik) va “ELEKTR ENERGO TARMOQ QURILISH” MChJ (912 000 012 so‘mlik) tomonidan takliflar kelib tushganligi va ushbu tender savdosida buyurtmachi tashkilot (xarid komissiyasi) tomonidan ishtirokchilar takliflarini baholash mezonlarini belgilashda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligini aniqlandi.
Yuqoridagi holatlardan kelib chiqib, “TOSHKENT GIDROELEKTRSTANSIYALARI KASKADI” unitar korxonasiga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 29-moddasi ikkinchi qism, birinchi va uchinchi xatboshisi talablari buzilganligi alomatlari yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 225-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomiga asosan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi bo‘yicha moliyaviy jarima qo‘llanildi.