O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi o‘z faoliyatida raqobatni ta’minlash va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud instansiyalarida faol qatnashib kelmoqda.
Jumladan, joriy yilning oktabr va noyabr oylarida Qo‘mitaning Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasiga fuqarolar J.M. va O.I.dan “MEGA-AVTO-LEASIN” MChJ faoliyatidagi qonun buzilish holatlari yuzasidan ularga tegishli tartibda chora ko‘rishlikni so‘rab murojaatlar qilingan.
Ushbu murojaatlarda, fuqarolar J.M. va O.I. “MEGA-AVTO-LEASIN” MChJ bilan “Damas” va “Cobalt” avtomashinasi olish uchun shartnoma imzolaganligi, ammo avtomashina shartnoma shartlariga muvofiq muddatida yetkazib berilmaganligi uchun to‘langan mablag‘ni qaytarishda amaliy yordam berish so‘ralgan.
Mazkur murojaatlarni o‘rganish jarayonida shartnomaviy munosabatlarda noqonuniy holatlar aniqlangan. Ushbu holat O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 23-25-moddalariga asosan zid deb topilgan. Yuqoridagilarni inobatga olib, hududiy boshqarma tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudiga da’vo arizasi taqdim etilgan (javobgar “MEGA-AVTO-LEASIN” MChJ Toshkent shahrida faoliyat olib borishi sababli).
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudi tomonidan ushbu ikki holat yuzasidan o‘tkazilgan sud jarayonlarida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining
382-moddasi 2 va 3-qismlariga ko‘ra, taraflardan birining talabi bilan shartnoma sud tomonidan faqat ikkinchi taraf shartnomani jiddiy ravishda buzsa hamda ushbu Kodeks, boshqa qonunlar va shartnomada nazarda tutilgan o‘zga hollarda o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkinligi inobatga olinib, fuqarolar va “MEGA-AVTO-LEASIN” MChJ o‘rtasida tuzilgan shartnomaviy munosabat sud tartibida bekor qilindi. Raqobat qo‘mitasi tomonidan fuqarolarning manfaatlarini himoya qilishni ko‘zlab kiritilgan yuqoridagi da’vo arizalari sud tomonidan ham qanoatlantirildi.
Amalga oshirilgan ishlar natijasida, fuqarolarning huquqlari himoya qilinib 52 375 000 so‘m mablag‘ fuqaro J.M. hamda 35 605 471 so‘m mablag‘ fuqaro O.I. foydasiga to‘liqligicha undirib berilishi ta’minlandi.
Xulosa qilib aytganda, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi respublikamizning barcha hududlarida raqobatni ta’minlash, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish yuzasidan bu kabi ishlarni tizimli tarzda amalga oshirib kelmoqda.