O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Andijon viloyat hududiy boshqarmasiga fuqaro tomonidan murojaat kelib tushgan.
Ushbu murojaatda fuqaro 2023-yilda uy olish shartnoma asosida “Erkin Xous” MChJ ga 28 500 000 so‘m mablag‘ni boshlang‘ich to‘lov sifatida to‘lagan. Jamiyat tomonidan uyni o‘z vaqtida qurib bitkizilmaganligi uchun fuqaro boshlang‘ich to‘lovni qaytarib berish bo‘yicha jamiyatga ariza bergan, ammo natija bo‘lmayotganligidan norozi bo‘lib, Raqobat qo‘mitasidan oldindan to‘lagan pullarni qaytarilishida amaliy yordam so‘ragan.
O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning xuquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 19-moddasida agar ijrochi shartnomani ijro etishga o‘z vaqtida kirishmasa yoki shartnomaning belgilangan muddatda bajarilmasligi ayon bo‘lib qolsa, iste’molchi ishni bajarish, xizmat ko‘rsatish to‘g‘risidagi shartnomadan voz kechishga va yetkazilgan zararning qoplanishini talab qilishga haqli ekanligi tushuntirildi.
Amalga oshirilgan ishlari natijasida, “Erkin Xous” MChJ tomonidan fuqaroga uy olish uchun to‘langan 28 500 000 so‘m boshlang‘ich mablag‘ni qaytarib berdi.