Yangilanayotgan Konstitutsiya takomillashgan yangi hujjat, uni jamiyatdagi real voqelikka, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi ulkan marralarga moslashtirish bugungi kunning asosiy talablaridan biri.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi bilan hamkorlikda “Yangilanayotgan Konstitutsiya demokratik rivojlanishning muhim huquqiy poydevoridir” mavzuida targ‘ibot tadbirini o‘tkazdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risidagi qonun, uning mazmun-mohiyati hamda joriy yilning 30-aprel kuni o‘tkaziladigan umumxalq referendumi haqida Qo‘mita xodimlariga ma’lumot berishdan iboratdir.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Durbek Axmedov va Qo‘mita raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumovlar mamlakatimiz rivoji uchun muhim bo‘lgan Konstitutsiya takomillashgan yangi hujjat, uni jamiyatdagi real voqelikka, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi ulkan marralarga moslashtirish bugungi kunning asosiy talablaridan biri ekanligi haqida ma’lumot berib o‘tishdi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy referendum va uni o‘tkazish tartib-qoidalari haqida tushuncha berildi. Tadbir davomida Konstitutsiyaga kiritilayotgan asosiy o‘zgarishlarning har biri bo‘yicha alohida-alohida to‘xtalib o‘tildi va fikrlar almashildi. Targ‘ibot tadbirida Qo‘mitaning hududiy boshqarmalari ham onlayn ishtirok etdilar.
Shuni ta’kidlash lozimki, yangi takomillashgan Konstitutsiya Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi faoliyatida ham muhim dasturilamal hujjat hisoblanadi. Jumladan, Bosh Qomusimizning XII bob “Jamiyatning iqtisodiy negizlari” bandi 65-moddasida fuqarolar farovonligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etadi. Davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlashi belgilab berilgani ahamiyatlidir.
Shu bilan bir qatorda, Bosh Qomusimizning 67-moddasiga asosan tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli. O‘zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi. Monopol faoliyat qonun bilan tartibga solinadi va cheklandi. Bu qoidalarning barchasi mazkur sohaning yanada rivojlanishiga xizmat qilishi tabiiy, albatta.