Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi N.G‘. farzandi nogironligi sabab shartnoma asosida bionik protez qo‘l uchun buyurtma beradi.
Insonning salomatligi katta baxtdir. Afsuski, atrofimizda sog‘lig‘ida muammosi bor nogironlar ham uchraydi. Ular ko‘pincha yashash, ta’lim olish va mehnat qilish jarayonida ijtimoiy yordam va himoyaga muhtoj bo‘ladilar.
Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi N.G‘. ham farzandi nogironligi sabab “MINGBAEV’S ACADEMY OF ROBOTICS” OKga shartnoma asosida bionik protez qo‘l uchun buyurtma beradi.
Buyurtma 90 kun ichida iste’molchiga yetkaziladi. Ammo oradan 10 kun vaqt o‘tmay, protez to‘satdan ishlamay qolgan va bola qo‘lining kaft qismini umuman ochib, yopilmagan. Protez mutaxassis tomonidan tekshirib ko‘rilganda, sensor qismini quvvatlaydigan batareyalar to‘g‘ri zaryadlanmagan deb topilgan. Bundan tashqari, qo‘llariga ehtiyoji katta bo‘lgan o‘quvchi dars jarayonlarida oylab undan foydalana olmadi.
Buni ko‘rgan ona xizmat ko‘rsatuvchi korxonaga qo‘ng‘iroq qilib farzandi taqib yurgan protez qo‘l funksiyasi kamligi uchun umuman organizmiga moslashmayotganligi, o‘rniga ko‘p funksiyali protez tayyorlab berishlarini so‘raydi.
Darhaqiqat, ikki o‘rtada shartnoma tuzish vaqtida xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan protezlar va ularni har bir bemor uchun individual bo‘lishi, muddati va narxi haqida batafsil ma’lumot berilgan. Albatta, bu murakkab moslama, ayniqsa kichik yoshdagilar undan foydalanishi qiyin kechadi. Protez organizmga moslashgunga qadar bir yil davomida ota-onalarga tegishli tavsiyalar berib turilishi, texnik nosozliklar bo‘lsa bepul ta’mirlab berilishi, xullas doim mutaxassis nazoratida bo‘lishi haqida va’dalar berilgandi, biroq…
Ammo fuqaro N.G‘. oilaviy korxona tomonidan faqat “yangi model uchun vaqt kerak, bitay deb qoldi, texnik testlardan o‘tishi kerak” kabi bahonalarni eshitdi, xolos.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 ishonch telefoniga tushgan murojaat Qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomondan o‘rganib chiqildi.
O‘rganishlarda haqiqatan ham murojaat oylar davomida hal etilmay kelinayotgani ma’lum bo‘ldi. Natijada iste’molchiga protez uchun to‘langan 62 mln 552 ming so‘m mablag‘ “MINGBAEV’S ACADEMY OF ROBOTICS” OK tomonidan qaytarib berilishiga erishildi.