Iste’molchi huquqi
185 MILLION SO‘M ASOSSIZ QARZDORLIK BEKOR QILINDI
So‘nggi yillarda elektr energiyasidan foydalanish hajmi oshib borayotgan bir vaqtda hisob-kitoblarda aniqlik va shaffoflikka bo‘lgan talab ham ortib bormoqda. Afsuski, ayrim hollarda texnik yoki boshqa xatolar sabab asossiz qarzdorlik yozilib, ularning qonuniy manfaatlari buzilayotgani kuzatilmoqda. Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “GIDROBIONIKA” MChJ misolida ham shunday holat qayd etildi. Korxona to‘lovlarni bajarib kelayotgan bo‘lsa-da, elektron tizimdagi noto‘g‘ri ma’lumotlar asosida asossiz qarz yuzaga kelgan.
Ekspert: Shaxnoza Tolipova, Raqobat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi
— Olib borilgan o‘rganishlar davomida, tadbirkor kommunal to‘lovlarini o‘z vaqtida to‘lab borishiga qaramasdan, unga elektr ta’minoti korxonasining xodimlari elektron tizimda yo‘l qo‘ygan texnik xatolik sabab, asossiz 185 mln. so‘mdan ortiq noreal qarzdorlik chiqarilgani aniqlandi.
Maxsus komissiya tomonidan xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga nisbatan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilishi yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan tadbirkorga asossiz hisoblangan qarzdorlik hisobdan chiqarilishi ta’minlandi hamda ushbu qonun buzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Ma’lumot uchun, “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunning 18-moddasiga asosan ustun mavqega yoki ustun muzokara kuchiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektning yoki bir guruh shaxslarning pirovard natijada raqobatni cheklashga va (yoki) iste’molchilarning, boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitishga olib keladigan harakatlari, shu jumladan quyidagi harakatlari ustun mavqeni yoki ustun muzokara kuchini suiiste’mol qilish deb e’tirof etiladi hamda taqiqlanadi:
n tovarlarning muomalasi hajmini tovar yoki moliya bozorida taqchillikni keltirib chiqarish yoki saqlab turish maqsadida narxlarning oshishiga va (yoki) iste’molchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazilishiga olib keladigan tarzda qisqartirish;
n shartnoma predmetiga taalluqli bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan moliyaviy mablag‘larni, boshqa mol-mulkni, mulkiy huquqlarni o‘zga shaxsga o‘tkazishga doir asossiz talablarni majburan qabul qildirish;
n tovarni realizatsiya qilishda yoki olishda kamsituvchi shart-sharoitlarni belgilash, shu jumladan tovardan foydalanish shartlarini majburan qabul qildirish talablari taqiqlangan.
FUQAROGA TAYINLANGAN 33 MLN. SO‘M JARIMA BEKOR QILINDI
Ba’zida gaz, elektr kabi kommunal xizmatlardan foydalanish jarayonida fuqarolar asossiz ravishda qarzdor deb topilayotgani yoki jarimaga tortilayotgan holatlari uchrab turibdi. Bunday hollarda davlat organlari aralashuvi orqali fuqarolarning huquqlari tiklanmoqda. Urganch tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro R.X.ga nisbatan ham shunday holat sodir bo‘lib, u gaz ta’minoti bo‘limi tomonidan tabiiy gaz tizimiga noqonuniy ulangan deb topilib, jarimaga tortilgan. Fuqaro ushbu qarordan norozi bo‘lib, Raqobat qo‘mitasi hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan va o‘rganishlar jarayonida mazkur dalolatnoma asossiz ekani aniqlangan.
Eskpert: Ravshanbek Sharipov, Raqobat qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi mas’ul xodimi
— Ushbu holatda jarima asossiz ekani o‘z tasdig‘ini topdi. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 12-oktyabrdagi 225-qarori bilan tasdiqlangan “Raqobat, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish va uni ko‘rib chiqish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan fuqaroga rasmiylashtirilgan 33 471 360 so‘m jarima bekor qilindi.
Fuqaro tomonidan 2024-yil noyabr – 2025-yil aprelgacha iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilindi.