Raqobat qo‘mitasining ishchi guruhi va hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda respublika hududlaridagi o‘rganish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Mazkur tashabbus aholi turmush darajasini o‘rganish, muammolarini aniqlash va ularga amaliy ko‘mak berishga qaratilgan bo‘lib, joylardagi fuqarolar bilan yaqin muloqotni ta’minlab kelmoqda.
Navbatdagi tashrifda tumandagi kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan xonadonlar holati o‘rganildi. Suhbatlar davomida oilalarning iqtisodiy ahvoli va kundalik turmush sharoiti o‘rganilib, ularga ko‘rsatilgan amaliy yordamlar natijalari tahlil qilindi.
Shuningdek, daromad manbalarini oshirish, tadbirkorlikka jalb qilish va yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish masalalari muhokama etildi. Ishchi guruh vakillari oilalarga qo‘shimcha imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar berdilar.
Raqobat qo‘mitasi va hamkor tashkilotlar tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur tashriflar aholining real holatini chuqur o‘rganishga, ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirishga hamda aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan tizimli ishlar samarasini ta’minlashga xizmat qilmoqda.