O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga “ZOODUZ HOLDING LIMITED” kompaniyasi tomonidan “ORIENTSWISS TASHKENT” MCHJ QKning ustav fondidan 99,99 foiz ulush olishga monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini berish yuzasidan davlat xizmatlari markazi orqali onlayn ravishda 2023-yil 3-iyulda murojaat kelib tushgan.
Qo‘mita tomonidan mazkur murojaatni o‘rganish davomida “ZOODUZ HOLDING LIMITED” kompaniyasi va “ORIENTSWISS TASHKENT” MCHJ QK o‘rtasida 2023-yil 15-iyun kuni bitim tuzilganligi hamda amaldagi O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining
17-moddasi ikkinchi qismi talablari buzilganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlarga asosan monopoliyaga qarshi organning oldindan roziligini olmasdan ulush olish bo‘yicha bitim tuzilganligi holati yuzasidan 2023-yil 5-iyul kuni Qo’mitaning maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgan hamda 18-iyul kuni Qo‘mita tomonidan qonun buzilishini qayta sodir etmaslik hamda kelgusida takrorlanishining oldini olish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Shuningdek, yuqoridagi bitim bir shaxslar guruhi o‘rtasida amalga oshirilganligi va raqobat muhitiga taʼsir ko‘rsatmaganligini inobatga olib “ZOODUZ HOLDING LIMITED” kompaniyasi tomonidan “ORIENTSWISS TASHKENT” MCHJ QKning ustav fondidan 99,99 foiz ulushga egalik qilishga monopoliyaga qarshi organning roziligi berildi.
“ZOODUZ HOLDING LIMITED” kompaniyasi joriy yilning 4-avgust kuni Qo‘mitaga yuqoridagi ko‘rsatmani bajarganlik to‘g‘risida maʼlumot taqdim etdi.