Yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolariga tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlar va hajmlarda qoʻyilmagan taqdirda sotuvchidan mahsulotni birja savdosiga qoʻyishning oxirgi sanasida shakllangan birja narxi bilan uning ishtirokidagi oldingi savdolar birja narxi oʻrtasidagi tafovut, yaʼni sotuvchi tomonidan oxirgi savdolarga qoʻyilmagan tovarning hajmiga koʻpaytirilgan mablagʻlarni olib qoʻyish choralari qoʻllaniladi.
Ushbu talab, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-martdagi 170-sonli Qarorida batafsil tushuntirib berilgan boʻlib, sotuvchilar obyektiv va ularga bogʻliq boʻlmagan sabablar tufayli jadvallarda nazarda tutilgan hajmlarda mahsulotni birja savdolariga qoʻyish muddatlarini bajarishning imkoniyati boʻlmagan holatlarda, mahsulotni birja savdolariga qoʻyish sanasidan bir kun avval, bu haqda monopoliyaga qarshi kurashish organini hamda birjani xabardor qilishi lozimligi belgilangan.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni birja savdolariga qoʻyilishi va birja narxlari monitoringi yuzasidan doimiy oʻrganishlar oʻtkazib kelinmoqda.
Lekin, oʻtkazilayotgan oʻrganishlar natijasida aniqlanishicha viloyatdagi yuqori likvidli va monopol turdagi mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi “ayrim” korxonalar mas’ullari ushbu qonunchilik talablarini bilishmaydi yoki bilishni xohlashmaydi.
Jumladan, “Oqoltindonmahsulotlari” Aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2021-yilning aprel, iyun, iyul, sentyabr oylarida omuxta yem mahsulotini, “Baxt moy invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2021-yil davomida shrot, sheluxa va paxta yogʻi mahsulotlarni birja savdolariga qoʻyish reja-grafiklarini bajarmasliklari natijasida tovarni birja savdosiga qoʻyishning oxirgi sanasida shakllangan birja narxi bilan uning ishtirokidagi oldingi savdolar birja narxi oʻrtasida tafovut aniqlandi. Bu oʻz navbatida, birjada narxlarning asossiz oshirilishiga olib keladi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining Sirdaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan qonunchilik talablariga amal qilmagan yuqoridagi korxonalarga nisbatan belgilangan tartibda ish qoʻzgʻatilib, birja savdolariga tegishli jadvallarda nazarda tutilgan muddatlar va hajmlarda qoʻyilmaslik natijasida 145 mln.soʻmdan ortiq asossiz olingan mablagʻlar qayta hisob-kitob qilish choralari koʻrildi.