Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan Konstitutsiyasiga bag‘ishlangan o‘quv seminari bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori o‘rinbosari Vosidjon Ergashev va Qo‘mita raisi Shaxrux Sharaxmetov tomonidan Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati yurtimiz rivojiga doir muhim jihatlar xususida ma’lumotlar berildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi mamlakatimizning yangi tahrirdagi “Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilinganligi, ushbu Qonun umumxalq referendumida ovozga qo‘yilishi va ana shu umumxalq Referendum joriy yilning 30-aprel, yakshanba kuniga belgilanganligi va unda har bir fuqaro ishtirok etib, o‘z burchlarini bajarishi lozimligi alohida qayd etib o‘tildi.
Seminar davomida shuningdek, mazkur huquqiy o‘zgartirishlarning soha rivojidagi o‘rni xususida ishtirokchilarning fikr-mulohazalari tinglandi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasidagi moddalar soni 128 ta bo‘lgan bo‘lsa, yangi Qomusda ularning soni 155 tani tashkil etib, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshirilmoqda. Ya’ni amaldagi Konstitutsiyamizning 65 foiziga o‘zgartirish kiritilmoqda.
Tadbirda Qo‘mita xodimlari Bosh qomusimizga kiritilayotgan bunday me’yorlardan minnatdor ekanliklarini va 30 aprel kuni referendumda faol ishtirok etishlarini bildirdilar.
USHBU TADBIRDA JAMOATCHILIK KENGASHI AʼZOLARI ISHTIROK ETISHDI