Yangi qaror: Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilish bo‘yicha tizimli choralar belgilab berildi
🖊 Joriy yilning 6 oktyabr kuni Prezidentning “Iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–296-sonli qarori qabul qilindi.
✏️ Mazkur qaror iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda raqamli yechimlarni joriy etishga qaratilgan.
Asosiy yangiliklar:
I. Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish
📆 2026-yil 1-martdan boshlab, raqamli markirovka tizimi joriy etilgan tovarlarning yaroqlilik muddati o‘tgan taqdirda ularning savdosi avtomatik ravishda cheklanadi. Shu bilan birga, bunday tovarlar bo‘yicha nazorat-kassa apparati orqali xarid cheki chiqarilmaydi. Ma’lumot uchun: Raqobat qo‘mitasiga mahsulot sifati va nuqsoni bo‘yicha kelib tushgan murojaatlar soni:
• 2023-yilda — 3 535 ta
• 2024-yilda — 5 889 ta,
• 2025-yilning birinchi yarmida — 2 656 tani tashkil etgan.
📈 Shuningdek, nazorat tadbirlari natijasida aniqlangan sifatsiz mahsulotlar soni ham keskin qisqarib bormoqda
• 2023-yilda 94 %,
• 2024-yilda 87 %,
• 2025-yilning 6 oyida 85 % holatda aniqlangan).
II. Laboratoriya xulosalarini raqamlashtirish
📆 2025-yil 1-noyabrdan boshlab, mahsulotlar ekspertizasi va “E-laboratoriya” moduli orqali rasmiylashtirilgan natijalar onlayn reyestrda yuritiladi. Bu esa iste’molchi shikoyatlarini tezkor hal qilish va xavfli mahsulotlarni bozordan chiqarish imkonini yaratadi.
III. Nodavlat notijorat tashkilotlarning ishtirokini kengaytirish
📆 2025-yil 15-oktyabrdan 2027-yil 1-yanvargacha tajriba tariqasida nodavlat notijorat tashkilotlar tomonidan:
🔘iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish,
🔘“Sirli mijoz” va nazorat xaridi tadbirlarini amalga oshirish tartibi joriy etiladi.
♾ Bunda davlat va jamoat tashkilotlari o‘rtasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, “Sirli mijoz” tadbirlari orqali nazoratning ochiqligi ta’minlanadi.
IV. Yangicha hamkorlik tizimi
📆2025-yil 1-dekabrdan boshlab, “Iste’molchi – tadbirkor – nodavlat tashkilotlar – davlat organlari” o‘zaro hamkorlik tizimi joriy etiladi. Bu tizim iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish va idoralararo ma’lumot almashinuvini avtomatlashtirishga xizmat qiladi.
V. Iste’molchi murojaatlarini monitoring qilish va tizimli tahlil
⚪️“Iste’molchi murojaati” elektron tizimi orqali qabul qilingan murojaatlar monitoringi yo‘lga qo‘yiladi;
⚪️Soliq qo‘mitasi va tadbirkorlik subyektlari tizimlari bilan integratsiya orqali fuqarolarning murojaatlari haqida ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yiladi;
⚪️Murojaatlar tahlili asosida tezkor chora ko‘rish, holatni baholash va javob berish tizimi joriy etiladi.