Yandex Uzbekistan tomonidan monopoliyaga qarshi komplayens tizimi joriy etildi
Yandex Uzbekistan o‘zining taksi agregatori (“YGO UB” MCHJ XK tomonidan ko‘rsatiladi) va oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni yetkazib berish agregatori (“Y EATS” MCHJ XK tomonidan ko‘rsatiladi) xizmatlari bo‘yicha o‘z faoliyatida raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga qat’iy rioya etish, bozorda shaffof va mas’uliyatli biznes amaliyotini ta’minlash maqsadida monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etdi.
O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 9 – moddasiga muvofiq ustun mavqega ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish majburiy hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: “YGO UB” MCHJ XK taksi agregatori va “Y EATS” MCHJ XK oziq-ovqat va boshqa mahsulotlarni yetkazib berish agregatori xizmatlari bo‘yicha ustun mavqega ega raqamli platforma operatori sifatida e’tirof etilgan.
Ushbu tizim kompaniyaning ichki jarayonlarida raqobatga oid xavflarni o‘z vaqtida aniqlash, ularni kamaytirish va bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, bunday yondashuv raqobat qoidalari buzilishi ehtimolini oldindan bartaraf etishga xizmat qiladi.
Mazkur tizimga muvofiq quyidagi harakatlar taqiqlangan:
🔘tovar yoki moliya bozorida taqchillikni vujudga keltirish yoki ushlab turish, narxlarning oshishiga olib keladigan va (yoki) iste’molchilarning huquq va qonuniy manfaatlariga zarar yetkazish maqsadida muomaladagi tovarlar hajmini kamaytirish;
🔘tovar yoki moliya bozoriga boshqalar uchun kirish uchun to‘siqlarni yaratish;
🔘iste’molchilarning kerakli miqdorda va tegishli sifatdagi tovarlarni sotib olish huquqlarining buzilishiga yo‘l qo‘yish;
🔘o‘z xizmatlari uchun monopol yuqori yoki monopol past narxlarni belgilash, shu jumladan algoritmlar tomonidan yaratilgan tariflar, shuningdek ma’lum davrlarda iqtisodiy asossiz yuqori narxlar (tariflar), eng yuqori soatlar, obyektiv sabablar bo‘lmaganda dinamik narxlarni qo‘llash;
🔘tegishli tovarni ishlab chiqarish yoki realizatsiya qilish imkoniyati bo‘la turib, shartnoma tuzishni asossiz ravishda rad etish;
🔘shartnoma predmeti bilan bog‘liq bo‘lmagan shartlarni, shu jumladan mulk, yoki boshqa shaxsga mulk huquqi, pul mablag‘larini o‘tkazish bo‘yicha asossiz talablar.
Shuningdek, Qonunchilikda ko‘zda tutilgan boshqa talablar ham belgilangan.
Ushbu tizimning samarali ishlashini ta’minlash maqsadida Kompaniyada maxsus mas’ul shaxs tayinlanishi belgilab qo‘yilgan.
Monopoliyaga qarshi komplayens tizimni boshqa ustun mavqega ega platformalarda ham joriy etish ishlari davom etmoqda.








