Raqobat qo‘mitasi tomonidan Yandex Uzbekistan bilan bir kompaniyalar guruhiga tegishli bo‘lgan “Plus Entertainment Services Holding Ltd” kompaniyasi tomonidan video (shu jumladan, televideniye va kino) va audio (shu jumladan, musiqa) kontentini onlayn uzatish yoki almashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi “Allplay” platformasiga egalik qiluvchi “Allmedia Safe Service” MCHJ va “Anyway” MCHJlarning ulushlarini olish bo‘yicha arizasi ko‘rib chiqildi.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan “Allmedia Safe Service” MCHJ video (shu jumladan, televideniye va kino) va audio (shu jumladan, musiqa) kontentini onlayn uzatish yoki almashish xizmatlari bo‘yicha raqamli platforma operatori sifatida ustun mavqega ega deb e’tirof etilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi bozorida “Yandex” kompaniyasiga tegishli onlayn video va audio kontentni uzatish xizmatini ko‘rsatuvchi “Kinopoisk” raqamli platformasi ham faoliyat yuritadi.
Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, mazkur bitim yuzasidan “Allplay” savdo belgisi ostida faoliyat yuritayotgan raqamli platformaning tadbirkor va yakuniy foydalanuvchilari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarga nisbatan kelgusida bir tomonlama ta’sir ko‘rsatmaslik va ularni kamsitmaslik maqsadida, quyidagi talablar asosida oldindan rozilik berish haqida qaror qabul qilindi:
“Allplay” platformasi operatorini video (shu jumladan, televideniye va kino) va audio (shu jumladan, musiqa) kontentini onlayn uzatish yoki almashish xizmatlari ko‘rsatuvchi mustaqil bozor ishtirokchisi sifatida o‘zining faoliyatini saqlab qolishini ta’minlash;
O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 18-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 1-maydagi 256-son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomning 19-bandida nazarda tutilgan harakatlarni har qanday shaklda sodir etmaslik va ushbu Qonun va qaror talablariga to‘liq rioya etish.








