So‘nggi vaqtlarda internet va ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborayotgan turli konsalting kompaniyalari va vositachilar reklama qilmoqda. Afsuski, ko‘plab holatlarda bunday xizmatlar noqonuniy bo‘lib, ular orqali chet elga chiqqan fuqarolar aldov qurboni bo‘lib, og‘ir ahvolga tushib qolmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan bunday noqonuniy faoliyat yuritayotgan shaxs va tashkilotlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda. Shu bilan birga, rasmiy litsenziyaga ega bo‘lgan 18 ta xususiy bandlik agentliklari ro‘yxati e’lon qilingan. (https://t.me/RaqobatGovUz/10615)
Lisenziyaga ega bo‘lmagan shaxs yoki kompaniyalar tomonidan xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini taklif etish taqiqlangan. Ammo amalda fuqarolarni katta pul evaziga ishga yuboraman, deb va’da berib, xizmat ko‘rsatmasdan ularni chuv tushiradigan noqonuniy vositachilar hamon uchrab turibdi.
Shu munosabat bilan, xorijda ishlash niyatida bo‘lgan fuqarolarimizdan quyidagilarga e’tiborli bo‘lishlari so‘raladi:
Ish beruvchi yoki vositachining huquqiy maqomi va ishonchliligini albatta tekshiring.
Taklif etilayotgan ish shartlari bilan (yuzma-yuz yoki onlayn) yozma mehnat shartnomasi orqali tanishib chiqing.
Shartnoma tuzishdan oldin imkoni bo‘lsa, yurist maslahatidan foydalaning.
Shubhali va hujjatsiz takliflardan qat’iy voz keching.
Hurmatli iste’molchilar, Sizdan har qanday shaxslar yoki tadbirkorlik subyektlari tomonidan chet elga ishga yuborish bo‘yicha bildiriladigan asossiz takliflarga aldanib qolmaslik, huquqiy savodli bo‘lishni, shartnomaning bandlarini chuqur o‘rganishni so‘rab qolamiz.
Shuningdek, xorijiy davlatlarga qonuniy tartibda ishlash uchun bormoqchi bo‘lgan vatandoshlarimiz elektron platformadan (https://xorijdaish.uz/) zarur ma’lumotlarni olish mumkin.