Xorazm viloyatida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlari davom ettirilmoqda
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasida aholini, shuningdek, qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlari 2026-yil 15-yanvardan boshlab o‘tkazilmoqda. Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad aholi tarkibining holati va rivojlanish dinamikasi haqida ma’lumotlar to‘planib, tahlil qilinadi so‘ngra ular asosida mamlakatda aholi turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha davlat siyosati belgilanadi va ularni amalga oshirish uchun qarorlar qabul qilinadi.
Raqobat qo‘mitasi rahbariyati boshchiligidagi ishchi guruh ham o‘ziga biriktirilgan hududlarda ro‘yxatga olish tadbirlarida faol ishtirok etmoqda.
Xususan, Ishchi guruh tomonidan Xorazm viloyatidagi tuman va shahar hokimliklarida o‘rganishlar o‘tkazilib, ushbu jarayonning muhimligi va unda mavjud resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha tushunchalar berildi.
Tashriflar davomida Shovot, Tuproqqal’a va Xiva tumanlari hamda Urganch shahar hokimliklarida tashkil etilgan shtablar faoliyatining ish jarayonlari o‘rganildi.
Shu bilan bir qatorda, mazkur tuman va shaharlarning tibbiyot birlashmalari, maktabgacha va maktab ta’limi hamda tuman obodonlashtirish bo‘limlarida ham bu borada amalga oshirilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, xonadonlari soni ko‘p bo‘lgan 10 ga yaqin mahalla fuqarolar yig‘inida, mahalla yettiligi tomonidan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishda amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganildi.
O‘rganishlarda bu borada vujudga kelayotgan kamchiliklar joyida bartaraf etildi. Tadbirning birinchi bosqichida rejalashtirilgan ishlarni belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash yuzasidan tegishli xodimlarga tushuntirishlar berildi. Hududlarda bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.








