Xorazm viloyatida 160 mingga yaqin iste’molchidan 230 million so‘mdan ortiq asossiz mablag‘ olgan tibbiyot birlashmalariga nisbatan tegishli ta’sir choralari ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan tibbiyot muassasalari va tibbiyot birlashmalari tomonidan pullik tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun hamda tegishli qonunosti hujjatlari talablariga amal qilinishi yuzasidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar davomida 2023–2024-yillar hamda 2025-yilning 1-iyuliga qadar davr uchun quyidagi holatlar aniqlandi:
Yangibozor tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan 39 mingga yaqin iste’molchiga jami 2 mlrd so‘mga yaqin pullik tibbiy xizmat ko‘rsatilgan. Gurlan tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan esa 120 ming nafarga yaqin iste’molchiga jami 3 mlrd so‘mga yaqin pullik tibbiy xizmat ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, mazkur tibbiyot birlashmalari tomonidan pullik xizmatlar ko‘rsatish jarayonida qator qonunbuzilish holatlari yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Jumladan:
🔘iste’molchilarga taqdim etilgan xizmatlar narxiga qo‘shimcha soliqlar qo‘shilgani;
🔘bemorlar tomonidan amalda foydalanilmagan dori-darmon va tibbiy buyumlar narxlari ham umumiy xizmat narxiga qo‘shib yuborilgani ma’lum bo‘ldi.
Natijada, 160 mingga yaqin iste’molchidan 230 million so‘mdan ortiq ortiqcha mablag‘ undirilgani aniqlandi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan hududiy boshqarmaning Maxsus komissiyasi tomonidan Yangibozor va Gurlan tuman tibbiyot birlashmalariga nisbatan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari yuzasidan ish qo‘zg‘atilib, mazkur tibbiyot birlashmalariga:
🔘iste’molchilardan olingan 230 million so‘mdan ortiq mablag‘larni qaytarish,
🔘kelgusida bunday huquqbuzarliklarga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida qonun talablariga qat’iy rioya etish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.








