2022-yilning 10-noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasida Xalqaro valyuta jamg‘armasining O’zbekiston bo‘yicha missiyasi rahbari Ron van Rooden boshchiligidagi delegatsiyasi mamlakatimizga 7-15 noyabr kunlari tashrifi doirasida Qo‘mita rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Ron van Rooden O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni hamda raqobatni rivojlantirish yuzasidan amalga oshiralayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv davomida, Xalqaro valyuta jamg‘armasi vakillariga Qo‘mita tomonidan ishlab chiqilib, hozirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan yangi tahrirdagi “Raqobat to‘g֥‘risida”gi qonun loyihasi, unga jahon tajribasidan kelib chiqib kiritilgan yangiliklar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Xususan, mazkur qonun loyihasiga kiritilgan bozorlardagi ustun mavqeni belgilashning yangi mezonlari, axborot tizimlari, raqamli platformalarga nisbatan monopoliyaga qarshi talablar, davlatning tadbirkorlik faoliyatidagi ishtirokiga doir talablar, raqobat qonunchiligini buzganlik uchun moliyaviy choralarga oid yangiliklar haqida aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, Xalqaro valyuta jamg‘armasi delegatsiya a’zolariga Qo‘mita faoliyatini takomillashtirish borasida va yangi tashkil etilgan Iste’mol bozorlarida narxlarni monitoring qilish departamenti tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.