Avval xabar berganimizdek Minsk shahrida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtmoqda. Monopoliyaga qarshi qonun hujjatlari buzilishini hamkorlikda tekshirish boʻyicha shtabning 39-yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrishga bagʻishlangan uchrashuvda Qoʻmita raisi Sh.Sharaxmetov va Qoʻmita vakillari ishtirok etishmoqda.
Tadbir davomida Qoʻmita raisi soʻzga chiqib, Belarus Respublikasida monopoliyaga qarshi tartibga solishning 30 yilligi munosabati bilan Belarus Monopoliyaga qarshi tartibga solish va savdo vazirligini (MART) hamda tadbir ishtirokchilarini tabrikladi.
Shuningdek, Qoʻmita raisi oʻz nutqi davomida bir qator mavzular, xususan soʻngi yillarda yurtimizda Qoʻmita tomonidan raqobat va monopoliyaga qarshi kurashish sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot berdi. Shu bilan birga xalqaro hamkorlik doirasida xorijiy mamlakatlarning monopoliyaga qarshi kurashish organlari bilan raqobatni himoya qilish sohasidagi dolzarb masalalarning muhokamasini amalga oshirish uchun tizimli muloqotni oʻrnatish, doʻstlik hamda hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va yangi bosqichga olib chiqish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Shu jumladan, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga (MDH) aʼzo mamlakatlarning Monopoliyaga qarshi kurashish organlari bilan hamkorlikni rivojlantirish muhokamasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan Rossiya Federatsiyasi Monopoliyaga qarshi kurashish federal xizmati oʻrtasida raqobat siyosati sohasida oʻzaro anglashuv hamda hamkorlik Memorandumini imzolash marosimi boʻlib oʻtishi belgilandi.