“Uzum Market” MChJ XKga nisbatan insofsiz raqobat holatlarini sodir etgan “YandexGo UB” MChJga tegishli choralar ko‘rildi
Raqobat qo‘mitasiga “Uzum Market” MChJ XKdan kelib tushgan murojaat asosida, “YandexGo UB” MChJ tomonidan televideniye va ijtimoiy tarmoqlar orqali namoyish etilgan “Yandex Market” reklamasi orqali “YandexGo UB” MChJ “Uzum Market” MChJ XKga nisbatan insofsiz raqobat harakatlarini amalga oshirib, “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonun talablarini buzayotganligi, iste’molchilarni chalg‘itayotganligi hamda “Uzum Market” MChJ XKning ishchanlik obro‘siga putur yetkazayotganligi alomatlari bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi Maxsus komissiyasi tomonidan ish qo‘zg‘atilgan.
Maxsus komissiya tomonidan ishni ko‘rib chiqish natijasida:
🟣“YandexGo UB” MChJ reklamasidagi aktrisaning binafsha rangli ko‘ylagi va rolikning dastlabki kadrlari “Uzum Market” MChJ XKning avvalgi videolaridagi obrazlarga vizual va konseptual jihatdan o‘xshashligi;
🟣Reklama roligidagi bosh qahramonning uzum dastasini ko‘tarib “a, bu marketmi?!” deb berilgan savolidan so‘ng, yon-atrofdagi reklama ishtirokchilarining bosh qahramonning savoliga nisbatan salbiy holatdagi munosabati (reaksiyasi);
🟣Reklama roligida rolik ishtirokchisining “ajoyib market” deganidan so‘ng, bosh qahramonning uzum dastasini ko‘tarib “a, bu marketmi?!” degan savoli orqali tomoshabinda “Uzum Market” haqida so‘z borayotganligi” haqida taassurot uyg‘otilganligi. Shundan so‘ng, aktrisaning “yo‘q, bu boshqa market” degan javobi orqali “Yandex Market” ustunligi haqida ishora qilinganligi aniqlandi.
Yuqoridagi holatlar orqali “YandexGo UB” MChJ “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasida nazarda tutilgan noto‘g‘ri taqqoslash, ya’ni raqobatchi xo‘jalik yurituvchi subyektni yoki uning tovarini tovarning ustunligi haqida tasavvur hosil qiluvchi so‘zlardan yoki ramzlardan tovarning xolisona tasdiqqa ega bo‘lgan tavsifini yoki taqqoslash parametrlarini ko‘rsatmagan holda foydalanib taqqoslashni amalga oshirgan deb topilgan.
Shu bilan birga, “Uzum Market” tomonidan Maxsus komissiyaga raqobatni cheklashga olib kelgan harakat bozor ishtirokchilari, iste’molchilarga bevosita moddiy zarar yetkazilganligi to‘g‘risidagi asosli dalillar va hujjatlar taqdim etmaganligi bois, Maxsus komissiya holatni iqtisodiy jihatdan past ta’sirli deb baholadi va moliyaviy sanksiyalarni sud tartibida qo‘llashni lozim deb topmadi.
Yuqorida aniqlangan qonunbuzilish holatiga muvofiq, Qo‘mita Maxsus komissiya tomonidan “YandexGo UB” MChJga nisbatan:
“Yandex Market”ga oid mazkur reklama roligini ommaviy axborot vositalaridan olib tashlash orqali qonunbuzilish holatini bir oy muddatda bartaraf etish;
reklama roligini OAVdan olib tashlagani haqida tasdiqlovchi hujjatlarni joriy yilning 14-avgustiga qadar Qo‘mitaga taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Ma’lumot o‘rnida. Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi bo‘lgan tomon Qo‘mitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.