Monopoliyaga qarshi kurashish qoʼmitasi hamda Qoʼmita huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish Аgentligiga “UZAUTO MOTORS” АJ boʼyicha, joriy yilning oʼtgan davrida jami 180 dan ortiq (avtomobillarni shartnomada belgilangan muddatlarda yetkazib berilmasligi, shartnoma shartlarini bir tomonlama bekor qilinishi, nuqsonli avtomobillarning yetkazib berilishi va boshqa holatlar yuzasidan) kelib tushgan murojaatlarga hamda ommaviy axborot vositalarida (Spark va Nexia-3 avtomashinasi boʼyicha) bildirilgan tanqidiy fikrlarga munosabat bildirish maqsadida Qoʼmita tomonidan oʼrganishlar oʼtkazilmoqda.
Mazkur masala yuzasidan Qoʼmita tomonidan qilingan soʼrovnomaga asosan “UzAuto Motors” АJ tomonidan maʼlumotlar taqdim etilgan. Ushbu maʼlumotlarga koʼra quyidagilar aniqlangan.
Jumladan, butun jahonda roʼy berayotgan vaziyatlar oqibatida avtomobilsozlik yoʼnalishlariga butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchi hamda yetkazib beruvchi yirik korxonalar butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni keskin pasaytirgani (ayrimlari butunlay toʼxtatgan) oqibatida ushbu tovar va xizmat bozorida yarimoʼtkazgichlar va butlovchi qismlarning tanqisligiga olib kelgan. Bundan tashqari, xorijdan sotib olinadigan butlovchi qismlarni yetkazib berish – “logistika” sohasi ham sezilarli darajada ogʼirlashgani natijasida, “UzAuto Motors” АJ tomonidan ishlab chiqariladigan avtomobillarning ayrim modellarini ishlab chiqarilishida uzilishlar yuzaga kelgan.
Shuningdek, “UzAuto Motors” АJ tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlarga koʼra, Chevrolet Spark avtomobili boʼyicha shartnomalar tuzish joriy yilning 20-avgust, 31-avgust hamda 23-sentabr kunlari barcha dilerlik korxonalarida hamda kompaniyaning rasmiy veb-sayti, uzavtosavdo.uz mobil ilovasi va uzavtosavdo_bot telegram kanali orqali shartnomalar tuzish imkoni barcha uchun mavjud boʼlgan.
Bundan tashqari, Qoʼmitaga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qilingan murojaatlar ijrosi yuzasidan joriy yilning oʼtkan davrida 27 ta avtomobillarning nuqsonlari bartaraf etilib, 7 ta nuqsonli avtomobillar yangisiga almashtirib berilishi taʼminlangan.
Shu bilan birga, isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida 59 ta dilerlik tashkilotlariga qonunchilikda belgilangan tartibda choralar koʼrilib, 2081 ta shartnomalar boʼyicha isteʼmolchilarga jami 228 mln soʼm qiymatidagi penyalar toʼlab berilishi taʼminlandi, qolganlari boʼyicha ishlar davom ettirilmoqda.
Shuningdek, Qoʼmita tomonidan 2022-yil 15-sentabrda 549/01-20-sonli xat bilan Tarif va notarif tartibga solish kengashining navbatdagi yigʼilishida import qilinayotgan yengil avtomobillarga soliq va bojxona stavkalarini pasaytirish, klimatik sinovlardan oʼtkazish tartibini hamda ularni sertifikatlashtirish talablarini soddalashtirish, respublikaga olib kirilayotgan avtotransport vositalari ehtiyot qismlarini sinov laboratoriyalaridan oʼtkazilishi shartlarini qayta koʼrib chiqilishi yuzasidan takliflar kiritilganligi maʼlum qilinadi.
Oʼrganish natijasi boʼyicha Qoʼmita axborot xizmati tomonidan qoʼshimcha maʼlumot taqdim etiladi.