Raqobat qo‘mitasi Toshkent shahri hududiy boshqarmasiga Qoraqalpog‘iston Respublikasida yashovchi fuqaro murojaati kelib tushdi.
Murojaatda fuqaro, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi “Eco House Group” MChJ bilan 13.07.2022-yilda “Turar-joyning qurilishida investitsion badal kiritish to‘g‘risida”gi shartnoma rasmiylashtirilganligi va to‘lovlar amalga oshirganligi, biroq turar joy majmuasi to‘liq topshirilganidan so‘ng xonadonning umumiy maydoni shartnomada ko‘rsatilgandan kam chiqqanligi hamda QQS 15 foizdan 12 foizga o‘zgarganligi sababli, fuqaro va jamiyat o‘rtasida 25.11.2023-yilda qo‘shimcha shartnoma rasmiylashtirilganligi va shartnomaga ko‘ra, jamiyat fuqaroga shartnoma qiymati kamaytirilib umumiy 15 881 000 so‘m pul mablag‘larini qaytarib berishi kerakligi, biroq hozirgi kunga qadar berilmaganligidan e’tiroz bildirib, mazkur masala yuzasidan amaliy yordam berishni so‘ragan.
Olib borilgan o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Soliq qonunchiligiga hamda kadastr hujjatlariga asosan, xonadonning umumiy maydoni o‘zgarganligi sababli, shartnomaga kiritilgan o‘zgarishlar natijasida, fuqaroga jamiyat tomonidan 15 881 000 so‘m pul mablag‘i, fuqaro bank hisob raqamiga 90 ish kuni ichida qaytarib berilishi belgilanganligi aniqlandi.
Hududiy boshqarma mutaxassislari tomonidan holatga oydinlik kiritilib “Eco House Group” MChJ tomonidan fuqaroga 15 881 000 so‘m pul mablag‘lari qaytarilishi ta’minlandi.
Ma’lumot uchun. O‘zbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘gʼrisida”gi Qonunining:
4-moddasida, tovar (ish, xizmat) haqida, shuningdek, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) haqida to‘gʼri va to‘liq maʼlumot olish huquqiga ega ekanligi;
6-moddasida, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) isteʼmolchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘gʼri va tushunarli maʼlumot berishi shartligi;
11-moddasida, uzoq muddat foydalaniladigan barcha turdagi tovarlar va xizmatlarga ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati belgilashi lozim. Kafolat muddati tovar iste’molchiga sotilgan yoki xizmat ko‘rsatilgan kundan boshlab hisoblanadi. Agar tovar sotilgan kunni aniqlashning imkoni bo‘lmasa, bu muddat tovar ishlab chiqarilgan kundan boshlab hisoblanadi;
Ishlab chiqaruvchi (ijrochi) kafolat muddati mobaynida tovar (xizmat)ning, shu
jumladan, butlovchi buyumlarning normal ishlashini (qo‘llanilishini, ulardan
foydalanilishini) ta’minlashi shart;
19-moddasi birinchi va sakkizinchi xatboshisida, quyidagilar belgilangan:
ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki
shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi;
Ish bajarish (xizmat ko‘rsatish) jarayonida aniqlangan nuqsonlarni bartaraf etish muddatlari shartnomada belgilab qo‘yiladi. Bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat)dagi nuqsonlar, agar shartnomada birmuncha qisqaroq muddat belgilanmagan bo‘lsa, iste’molchi talab qilgan kundan e’tiboran yigirma kun ichida ijrochi tomonidan bartaraf etilishi kerak. Nuqsonlar belgilangan muddatda bartaraf etilmagan, shuningdek, ish bajarishni (xizmat ko‘rsatishni) boshlash va tugallash kechiktirilgan taqdirda, ijrochi iste’molchi har bir kechiktirilgan kun, soat (agar muddat soatlarda belgilangan bo‘lsa) uchun ish (xizmat) qiymatining yoki buyurtma qiymatini (agar uning qiymati alohida belgilanmagan bo‘lsa) bir foizi miqdorida neustoyka (penya) to‘laydi.
21-moddasida, sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qo‘shimcha tovarlar sotib olishga yoki qo‘shimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas deb belgilangan.