Raqobat qo‘mitasi Navoiy viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan ustun mavqega ega bo‘lgan davlat reyestrida turuvchi “O‘ZYO‘LKO‘PRIK KLASTERINING NAVOIY FILIALI” davlat muassasasi tomonidan 2023-2025 yillar davomida asfalt-beton qorishmasi, asfalt-beton issiq qorishmasi, asfalt-beton sovuq qorishmasi va qora sheben mahsulotlarini sotish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni amaldagi me’yoriy hujjatlarga rioya etilishi yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu korxona tomonidan 2023-2025 yillarda tuzilgan shartnomalarida xaridor uchun kamsituvchi shartlar kiritilgani ma’lum bo‘ldi. Ya’ni bitta bandida yetkazib berilgan mahsulotlar haqini kechiktirilganligi uchun “Xaridor” kechiktirilgan har bir kun uchun kechiktirilgan to‘lov summasining 0,4 va 0,5% miqdorida, lekin shartnoma summaning 50 % dan oshmagan miqdorda penya to‘lashi qayd etilgan.
Shuningdek, yana bir bandida mahsulotlarni yetkazib berish muddatlari kechiktirilganligi uchun “Mahsulot yetkazib beruvchi” kechiktirilgan har bir kuni uchun majburiyat bajarilmagan qismining 0,4 va 0,5% miqdorida, lekin ushbu summaning 10%dan oshmagan miqdorda, penya to‘lash sharti kiritilgan. Bu holatda korxonada o‘z ustun mavqeidan foydalanish alomatlari mavjudligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga muvofiq, hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasi talablari buzilganligi bo‘yicha “O‘ZYO‘LKO‘PRIK KLASTERINING NAVOIY FILIALI” DMga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma berildi.