Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida 1-oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni o‘zgacha nishonlanadi. Ushbu kun munosabati bilan Qo‘mitada “Ustozlar sizga ehtirom” mavzuida tadbir tashkil etildi.
Tadbirga mazkur sohada uzoq yillar faoliyat yuritgan va ko‘plab shogirdlarni yetishtirgan faxriylar taklif etildi. Quvonarlisi, bu yil Raqobat qo‘mitasida faoliyat yuritgan, tizim rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan, samarali mehnati bilan qadr topgan faxriylardan Raxmatilla Lutpullayev hamda Roza Tuyushevalar davlatimizning yuksak mukofoti – 1-darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanishdi.
Qo‘mita raisi Shaxrux Sharaxmetov yig‘ilganlarni qutlug‘ ayyom bilan muborakbod etdi. Erishilayotgan yutuqlarda ustozlarning xizmatlari, to‘plagan tajribalari, “ustoz-shogird” an’analarini davom ettirib kelayotgan faxriylarning hissasi kattaligini ta’kidlab o‘tdi.