Tadqiqotlarga ko‘ra, soddadillik va ishonuvchanlik – firibgarlikka yo‘l ochuvchi omillardan biri hisoblanadi.
Ayniqsa, axborot texnologiyalari va turli sotuv usullari jadal rivojlangan bugungi sharoitda iste’molchilar turli aldov sxemalariga tez- tez uchrab, moddiy va ma’naviy zarar ko‘rish holatlari ko‘paymoqda.
Bu holatlarga ko‘plab misollarni keltirish mumkin bo‘lib, shulardan biri haqida iste’molchilarni Raqobat qo‘mitasi ogohlikka chaqiradi.
Iste’molchilardan qo‘mitaga kelib tushayotgan murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilayotgan axborotlarga ko‘ra, “savdo-dilerlik korxonasidanmiz”, deya o‘zini tanishtirgan shaxslar tomonidan fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, “Sizni tabriklaymiz, mahsulotimiz uchun katta miqdorda chegirma va bonusga ega bo‘ldingiz, agar bir kun ichida mahsulotni olib ketmasangiz, chegirmadan maxrum bo‘lasiz” kabi so‘zlar bilan odamlarni jalb qilayotganligi va mahsulot xususiyatlari haqida bo‘rttirib ta’riflash orqali ularni sotishga erishayotganligi, oxir oqibat esa bu mahsulot aytilganidek ijobiy ta’sirli emas yoki sifatsiz va albatta, qimmatga sotilgan bo‘lib chiqmoqda.
Bunday “jozibali” usullar aholiga turli prezentatsiyalar va targ‘ibot tadbirlari orqali taqdim etilyapti. Asosiy hiyla xarid yoki xizmatdan foydalanish uchun iste’molchilarga “yangi xaridorlar olib kelish” talabi qo‘yilayotganidir.
Misol uchun, Qo‘mitaga kelib tushgan aniq bir holatga ko‘ra, yuqoridagi kabi usullarda fuqaroga massaj kursisi (nakidka vibromassajnaya) xarid qilish bonusga ega bo‘lganligi bildirilib, agar ushbu mahsulotni xarid qilsa, “bonus” tariqasida havo tozalagich va qo‘l massajchisi (ruchnoy massajyor) bepul taqdim etilishi aytilgan.
Sotuvchilar hatto fuqaro mahsulotni biryo‘la xarid qilish uchun mablag‘ yetarli bo‘lmasa-da, muddatli to‘lov (kredit) asosida ham sotib olish mumkinligini ma’lum qilib, fuqaroning identifikatsiya ma’lumotlarini olgan holda rasmiylashtirilgan turli shartnomalarga imzo qo‘ydirib olinadi. Shuningdek, mahsulot yoqmasa 10 kun ichida qaytarib olib, to‘langan pulni to‘liq miqdorda qaytarib berilishi ishontirilgan.
Biroq, keyinchalik fuqaro uy sharoitida ushbu mahsulotlardan foydalana olmasligini, o‘zi (nafaqada) va nogiron turmush o‘rtog‘idagi bel va umurtqa pog‘onasidagi kasalliklarda ushbu mahsulotni qo‘llash xavfli ekanligini, qolaversa har oylik kredit to‘lovini to‘lashga moddiy imkoniyati yetmasligini bilgandan so‘ng mahsulotni qaytarib berishga majbur bo‘ladi. Ammo, “firma” tomonidan mahsulotlar to‘liq qaytarib olinmaydi. Chunki, fuqaroda shartnoma nusxasi mavjud emasligi, firmaning rekvizitlari haqida aniq ma’lumot yo‘q ma’lum bo‘ldi.
Shu munosabat bilan, hurmatli iste’molchilarga quyidagi ma’lumotlarni eslatib o‘tadi:
🔘har qanday mahsulot sotib olishda yoki biror xizmatdan foydalanishda sotuvchi va mahsulot (ish, xizmat) to‘g‘risida batafsil ma’lumot mavjudligini hamda ularning ishonchliligini tekshiring;
🔘taklif etilayotgan mahsulot (xizmat) haqiqatdan sizga zarurligiga va uni sotib olish moliyaviy holatingizga ta’sir qilmasligiga e’tibor qarating;
🔘davolovchi vositalarni sotib olish va iste’mol qilishdan avval albatta shifokor va mutaxassis bilan maslahatlashing;
🔘shaxsga doir ma’lumotlarni, shu jumladan pasport, ID-karta, plastik karta ma’lumotlarini, shaxsiy elektron raqamli imzo, telefon raqam va unga kelgan SMS kodni hech kimga, hatto yaqinlaringizga ham bermang;
🔘har qanday shartnomalarni imzolamang va shubhali bitimlarga qo‘shilmang;
🔘mobil telefoningizga kelgan shubhali va ishonchsiz havolaga kirmang;
🔘turli usuldagi aldov, firibgarlik va ishonchni suiiste’mol qiluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘ling.








